Breaking News

AQShda yopilgan maktablarning ba'zilari yo'qsil o'quvchilarga ovqat taklif etmoqda


Yangi koronavirus sabab AQShda minglab maktablar yopilgan, o’quvchilar uyda o’tiribdi. Merilend shtatining boshqa joylarida bo’lgani kabi Montgomeri grafligida yashovchi ayrim oilalardagi bolalar ham maktabda beriladigan bepul ovqatga muhtoj. Yana ba’zi oilalarda uy vazifalarini internet orqali bajarishga imkon yo’q.

Rayon ta’lim boshqarmasi bunday oilalalarga o’quv materiallarini bosma holda yetkazmoqda.

“Ko’plab nusxalarni tayyorlab qo’yganmiz. Boshlang’ich sinflar o’quvchilarining aksariyati va oltinchi sinf o’quvchilari ularni olib bo’lishgan. Ammo o’quv materiallarini olmaganlar ham bor”, - deydi boshqarma bo’limi rahbari Mariya Navarro.

Odatda ko’p maktablarda kam daromadli oilalardan chiqqan bolalarga bepul nonushta va tushlik tarqatiladi. Koronavirus sabab rayondagi maktablar yopilganida ta’lim tizimi faqat tushliklarni tarqatishda davom etdi. Ammo so’nggi paytda uch mahal ovqat taklif etilmoqda.

“Asosan latino jamoalarga xizmat qilyapmiz. Ko’plarida ovqatni olib ketish uchun hatto mashinasi ham yo’q. Bunday oilalardagi bolalarni o’zimiz olib kelib, boqyapmiz”, - deydi oshxona boshqaruvchisi.

Sandra Martines 13 yashar bola va 5 yashar qizning onasi.

"Bugun kelib uy vazifalari va taomlarni olib ketyapman”, - deydi u.

Montgomeri grafligi ta’lim boshqarmasi xodimi Melissa Riveraning aytishicha, ayni paytda eng muhimi oilalar xavfsizligi va salomatligini ta’minlash, maktab ishlagan paytdagi rejimni davom ettirish.

“Uyda ham shu jadval bo’yicha shug’ullanishlari kerak. Avval o’qish, so’ng uy vazifasini tekshirish, biror ko’ngilochar mashg’ulot o’tkazish, jismoniy tarbiya bilan ham shug’ullanish muhim”, - deydi u.

AQSh bo’ylab ba’zi maktablar yana ikki haftacha ishlamaydi, yana ba’zilari o’quv yili oxirigacha mashg’ulotlarni to’xtatish ustida o’ylanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG