Virjiniyaning Sharlotsvil shahrida Fuqarolar urushi davridagi konfederatsiya generallari va yetakchilariga qo'yilgan haykallarning olib tashlanishiga qarshi namoyishlar bo'lib o'tdi. AQSh janubiy shtatlarida bu holat so'nggi paytlarda tez-tez ko'zga tashlanmoqda. Bu esa ko'pchilikda xavotir uyg'otmoqda.
Sharlotsvilda dam olish kunlari sham ko'targan namoyishchilar Konfederatsiya generali Robert Lining haykali olib tashlanishiga qarshi keskin e'tiroz bildirdi.
Nyu-Orleansda esa Konfederatsiya Prezidenti Jefferson Deyvis monumentining ko'chirilishi noroziliklarga sabab bo'ldi.
Har ikki holatda ham namoyishchilar haykallarning olib tashlanishini oqlar merosiga hujum, deb atadi. Bunday qarash muqobil o'ng qanot harakatiga xos.
"Bizning tariximizga, o'zligimizga hujum qilmang", - dedi namoyish tashkilotchilaridan biri.
Namoyishchilar soni 100 nafar atrofida, ammo shahar meri Mayk Signerga ko'ra, xavotir ular sonida emas, balki aytayotgan gapida.
"Ozchilik aholida qo'rquv va hatto terror uyg'otishga urinishmoqda", - deydi Signer.
AQSh bo'ylab ko'plab shaharlar quldorlikni yoqlagan odamlarga qo'yilgan haykallarni olib tashlash yo'lidan borar ekan, o'ng qanot harakati ham jonlanmoqda.
Tarixchi Ibram Kendiga ko'ra, haykallarning olib tashlanayotgani ijobiy o'zgarish.
"Odamlar o'z shaharlarining bunday shaxslarga qo'yilgan yodgorliklari bilan esga olinishini istamaydi", - deydi tarixchi.
Lekin Kendining aytishicha, o'ng qanot harakati ham AQSh tarixining bir qismi va erkinlik fuqarolik huquqlari yetakchilariga ham, o'ng qanotchilarga ham birdek ilhom beradi.
"Hatto Avram Linkoln ham bu ikki xil qarash haqida gapirgan. U quldorlikdan xalos bo'lish haqida gapirgan bo'lsa, boshqalar quldor bo'lish erkinligini istagan. Amerikada doim erkinlikning mana shu ikki xil kuchi o'zaro kurashda bo'lgan", - deydi u.
Tarixchi fikricha, quldorlikni esga soluvchi shaxslar ko'zdan pana qilinayotgan bo'lsa ham, AQSh o'tmishi haqidagi bahslar to'xtamaydi.
Facebook Forum