Breaking News

2020-yilda dunyo bo'ylab rekord miqdorda jurnalistlar qamaldi


Xitoy, Turkiya va Misr muxbirlarni qamashda dunyoda peshqadam. Belarusdagi namoyishlar, Efiopiyada isyonchilarga qarshi amaliyot ham muxbirlarning hibsga olinishiga olib keldi.

Xalqaro hayot – 17-dekabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:29 0:00

Xitoyda yangi halokatli virus paydo bo’lishi bilan mahalliy jurnalistlar bu haqda ijtimoiy sahifalarda xabar berdi, biroq hukumat ularni bu uchun qamadi. AQShning Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, 2020-yilda dunyo bo’ylab professional faoliyati uchun qamalgan jurnalistlar 274 kishini tashkil etdi.

“Bu jurnalistlarni qamash bo’yicha rekord ko’rsatkich bo’lib, uning ortida ikkita sabab bor. Birinchisi global pandemiya bilan bog’liq. Hukumatlar mustaqil jurnalistlarni soxta xabar tarqatganlikda ayblab qamagan. Yana ba’zilari namoyishlar paytida qamalgan. Bu - ikkinchi sabab”, - deydi tashkilot mutaxassisi Kortni Redsh.

Faollar pandemiya paytida qamalgan jurnalistlarni ozod etishga chaqirmoqda. Shulardan ikkisi COVID-19 dan o’lgani aniq. Yana biri qirg’izistonlik o’zbek jurnalisti Azimjon Asqarov bo’lib, rasmiylar uning zotiljamdan vafot etganini aytishsa-da, yaqinlari Asqarovning o’limini koronavirus bilan bog’lamoqda.

“COVID-19 kabi global salomatlik pandemiyasi paytida jurnalistlarga belgilangan qamoq jazosi o’lim jazosi bilan barobardir, chunki qamoqxonada ijtimoiy masofani saqlab bo’lmaydi, shaxsiy himoya vositalari yo’q, va umuman olganda, qamoqxonalarda infeksiya tez tarqaladi”, - deydi Kortni Redsh.

Qo’mita hisobotida qamalgan jurnalistlar haqida ma’lumot keltiriladi. Biroq joriy yilda hibsga olinib ozod etilgan jurnalistlar ham ko’p bo’ldi. AQShda irqiy tengsizlik yoki saylov kampaniyasi bilan bog’liq namoyishlar paytida 117 dan ziyod muxbir ushlanib qo’yib yuborilgan. Ba’zilariga jinoiy ayblov qo’yilgan.

“Namoyishlar odatda jurnalistlar uchun xavfli tadbir hisoblanadi. Hammasi 25-may kuni Minneapolisda Jorj Floydning o’limidan boshlandi. 26-may kuni namoyishlarni yoritayotgan jurnalistlarga ilk tajovuz qayd etilgan. Jami 2020-yilda 117 ta muxbir ushlangan yoki hibsga olingan”, - deydi “Matbuot erkinligi kuzatuvchisi” loyihasi bosh muharriri Kirstin Makkadden.

Belarusdagi namoyishlar paytida 10 jurnalist qo’lga olingan. Matbuot erkinligi bobida ijobiy qadamlar qo’ya boshlagan Efiopiyada esa hukumat kuchlarining Tigray viloyatidagi isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotini yoritgan jurnalistlarning bir nechtasi hibsga olindi.

“Nahotki Belarus yoki Efiopiya jurnalistlarni eng ko’p qamaydigan Xitoy, Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni safiga qo’shilishni istasa? Yo’q degan umiddaman”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasidan Kortni Redsh.

Mustaqil axborotga ehtiyoj kattaroq bo’lgan hozirgi paytda jurnalistlarning xabar uzatgani uchun rekord miqdorda qamalishi jiddiy xavotirga molik holdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG