Oregon shtatida minglab odamlar ko'chaga chiqib, Donald Tramp prezidentligiga qarshi namoyish qilmoqda. Ular nazarida, respublikachi g'olib irqchi, nafrat urug'ini sochib kelayotgan shaxs va uning boshqaruvi ostida fuqaro huquqlari poymol etilishi muqarrar.
Shtatning eng yirik shahri Portlandda norozilik chiqishlari davom etmoqda. Turli yoshdagi amerikaliklarni ko'rasiz. Odamlarning ko'zlarida yosh, g'azab va xavotir.
Tinch tarzda boshlangan namoyishlar ayrim mahallalarda to'polonga aylangan. Imoratlarga zarar keltirilgan. Politsiya kuch ishlatishga majbur qilmang, deya ommani tartibga chaqirmoqda. Ayrim hududlarda ko'zni yoshlantiruvchi gaz qo'llangan.
Jumadan shanbaga o'tar kechasi, 11-12 noyabrda, bir kishi nishonga olingani haqida ma'lumotlar bor. Kim uni o'qqa tutgani mavhum.
Kaliforniya shtati Los-Anjeles shahrida 185 kishi tartibni buzganlikda ayblanib hibsga olingan. Bu odamlar katta yo'llarni to'sib, harakatni to'xtatgan, deydi politsiya.
Nyu-Yorkda ham o'xshash manzara. "Tramp nafrat timsoli, u bizning prezidentimiz emas" degan yozuvlarni o'qiysiz.
Trampning Manxettondagi uyi, bizneslari va idorasi oldida yuzlab kishi uni qoralab tinimsiz namoyish qilmoqda.
Filadelfiyada talabalar ko'chaga chiqib, Tramp xalqni tarqoqlashtirdi deya unga la'natlar aytmoqda. Shahar hokimiyati oldida mitinglar o'tmoqda.
Florida shtatining eng yirik shahri Mayamida "AQSh irqchi davlatga aylanmaydi" degan shiorlar ostida namoyishlar avj olmoqda. Olomon yo'llarni berkitib qo'ygan. Politsiya chora ko'rishga majbur ekanini da'vo qilmoqda.
“Tramp - prezidentimiz. Tan olish kerak buni", - deydi shaharga kira olmayotgan fuqarolardan biri.
Namoyishchilar esa unga Trampning saylov kampaniyasida aytgan so'zlarini eslatadi: muhojirlar, musulmonlar, kelgindilar va undan o'zgacha o'ylaydigan shaxslarga nisbatan qanday keskin choralar ko'rishga tayyor ekani haqidagi bayonotlarini.
Jorjiya va Tennessi shtatida ham olomon Trampni qoralab namoyishda. Michigan, Minnesota, Missuri, Vashington va Ayova shtatlari hamda poytaxt Vashingtonda minglab kishi yangi prezident Amerikani aks ettirmasligini aytib, uning Oq uyga kelishini fojia deb atab, namoyishda.
Tramp ularga "Twitter" orqali shunday javob berdi: “Professional namoyishchilar, axborot vositalarining xizmatida... Adolatsizlik".
Sal keyin shunday yozdi: “Namoyishchilar buyuk mamlakatimizni sevadi, bilaman. Birlashamiz va faxrlanamiz".
Bugun Nyu-York, Las Vegas va Los-Anjelesda keng qamrovli chiqishlarga guvohmiz.
Ayrim joylarda Trampning qo'g'irchoq timsoli va Amerika bayrog'i yoqilgan. Politsiya bilan to'qnashuvlar kuzatilgan. “No hate! No fear! Immigrants are welcome here.”
Amerika - muhojirlar mamlakati, bu yerda ularga nisbatan nafrat avj olishiga fuqaro yo'l qo'ymaydi; har bir amerikalik har qanday huquqbuzarlik va qonunbuzarlikka qarshi jon-jahdi bilan kurashadi, deydi namoyishchi yoshlar.
Bu chiqishlar, ular so'zlariga ko'ra, Trampga ogohlantirish. Saylov kampaniyasida bergan va'dalaridan qaytib, har bir amerikalik manfaati uchun birdek xizmat qilmasa, Oq uyda unga o'rin yo'q, deydi talabalar.
Qora tanliklarni kamsitish, musulmonlarga nisbatan hujumlar, jamoat joylarida faqat oqlar uchun yozuvlar, meksikaliklar haydaladi degan bayonotlar - ayrim shtatlarda saylovdan keyin mana shunday hollar kuzatilgan.