Breaking News

Gretsiyada yongan qochqinlar lageri aholisi 3 kundan beri ko'chada tunamoqda


Qochqin va migrantlar supermarketning avtomobillar turadigan joyida uxlashmoqda
Qochqin va migrantlar supermarketning avtomobillar turadigan joyida uxlashmoqda

Gretsiyaning Lesbos orolidagi “Moriya” qochqinlar lagerida qatorasiga ikki tun olov yonishi natijasida minglab odam uch kechadan beri ochiq havoda tunamoqda.

Xalqaro hayot – 11-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:03 0:00

Boshpanasiz qolgan qochqinlar va migrantlarning ba’zilari yo’l chetiga qamishdan joy solib uxlagan, yana kimlardir yonib kul bo’lishga ulgurmagan ko’rpalarda yoki chodir ustidagi matoni yechib ustida yotgan. Mavjud vaziyat bo’yicha norozilik kuchaymoqda. Bugun minglab qochqin va migrant namoyish qildi.

Gretsiya rasmiylari koronavirus pandemiyasi sabab e’lon qilingan karantin choralaridan g’azablangan qochqinlarning ba’zilari lagerga o’t qo’yganini da’vo qilmoqda. Qochqinlar bilan keragidan to’rt baravar to’lgan lagerda 35 kishida koronavirus aniqlangan.

Gumanitar tashkilotlar lagerdagi og’ir yashash sharoitlari haqida ko’pdan beri ogohlantirib keladi. 2750 kishiga mo’ljallangan lagerda va uning atrofida o’rnatilgan palatkali hududda 12500 dan ziyod odam yashayotgan edi.

Lagerdagi migrantlar va qochqinlar o’rtasida ziddiyatlar tez-tez kuzatilgan, mahalliy aholi ham norozilik bildirib, rasmiylardan lagerni yopishni talab qilib kelayotgan edi.

Boshpanasiz qolgan ayrim odamlarga parom va ikkita kemada vaqtincha tunash uchun sharoit yaratib berilgan.

Gretsiya hukumatiga ko’ra, ota-onasi yo’q 406 o’smir va yosh boladan tashqari hech bir qochqin va migrantga orolni tark etishga ruxsat yo’q.

Bolalarning 100-150 nafarini Germaniya qabul qilishga rozi bo’ldi. Qolganlari esa Shveysariya, Fransiya, Finlyandiya, Lyuksemburg, Sloveniya, Niderlandiya, Xorvatiya, Portugaliya va Belgiyaga jo’natiladi. Hozircha ular oroldan olib chiqilib, mamlakatning boshqa hududlaridagi mehmonxonalarga vaqtincha joylashtirilgan.

“Moriya” lageri aholisining katta qismini vatanidagi mojaro va qashshoqlikdan qochgan afrikalik, osiyolik va yaqin sharqliklar tashkil etadi.

Yevropa Ittifoqi va Turkiya 2016-yilda erishgan kelishuvga ko’ra, siyosiy boshpana olishga muvaffaq bo’lganlar Yevropa mamlakatlariga joylashtiriladi, rad javobini olganlar esa Turkiyaga deportatsiya qilinadi. Da’vogarlar sonining ko’pligi va Turkiyadan migrantlar kelishda davom etayotgani sabab arizalarni ko’rib chiqish uzoq vaqt olmoqda.

Yevropa Ittifoqining migratsiya masalalari bo’yicha komissari Margaritis Shinasning aytishicha, ittifoq 30-sentabrgacha qochqinlar bo’yicha yangi siyosatiga doir takliflarni e’lon qiladi.

Odamlar vatanini tark etmasligi uchun rivojlanayotgan mamlakatlarga qo’shimcha iqtisodiy yordam ko’rsatish, Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralari xavfsizligini kuchaytirib, sohil xavfsizligi xodimlari sonini oshirish, siyosiy boshpanaga da’vogarlar ishini kelishib ko’rib chiqish kabilar taklif etilishi kutilmoqda, dedi Shinas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG