Rossiya politsiyasi Moskvada 14-iyul kuni namoyishga chiqqan o'nlab odamni, jumladan muxolif siyosatchilarni hibsga oldi. Namoyishchilar sentabr oyida Moskva shahar kengashiga bo'ladigan saylovlarda muxolifatdan ham nomzodlarni saylov byulleteniga kiritishni talab qilmoqda.
Pushkin maydonida bo'lib o'tgan chiqishda mingdan ortiq odam qatnashgan. Ular shahar meri idorasi va saylov komissiyasi qarorgohi tomon yurgan.
Muxolifat tarafdorlariga ko'ra, saylov rasmiylari ularni mustaqil nomzodlarni byulletenga tushirish uchun imzolarni soxtalashtirganlikda ayblamoqda.
"Imzolarni yomg'ir va jazirama issiqda to'plaganmiz. Bizga imzolar soxta ekanini aytishdi. Imzosini qo'ygan ko'p odamlar bugun shu yerda", - deydi muxolif nomzod Dmitriy Gudkov.
"Aqlga sig'maydigan holat. Saylov komissiyasi bizga bergan barcha tushuntirishlari yolg'on. Imzolarning hammasi haqiqiy", - deydi namoyishchilardan biri.
Politsiya 38 odamni hibsga olgani aytilmoqda. Namoyish tinch o'tgan, biroq uni uyushtirish uchun ruxsat bo'lmagani bois tarqatilgan. Ba'zi namoyishchilar politsiyachilarni bunday harakatlari bilan formaga dog' tushirayotganlikda aybladi.
Hibsga olingan nomzodlardan biri Lyubov Sobol ochlik e'lon qilishini bildirgan.
Sentabrda nafaqat Moskvada, balki boshqa shaharlarda ham mahalliy idora va kengashlarga saylovlar bo'lib o'tadi. Saylovda qatnashish uchun mustaqil nomzodlar 6-iyulgacha 4500 ta imzo to'plashi kerak bo'lgan.
Facebook Forum