Iroq armiyasi Musulning eski qismini “Islomiy davlat” to’dasi jangarilaridan tortib olishga harakat qilyapti. Eski shahar ko’chalari tor bo’lgani sababli hujum paytida aholining zarar ko’rish ehtimoli yuqori, shu sababdan uni ishg’ol qilish vaqt oladi.
Iroq Mudofaa vazirligi jangarilar qattiq qarshilik ko’rsatishini taxmin qilmoqda.
“Islomiy davlat” Iroqning ikkinchi yirik shahrini uch yildan beri nazorat qilib keladi. Guruh rahbari Abu Bakr Bag’dodiy 2014-yilda Musuldagi al-Nuri masjididan turib, Iroq va Suriyada xalifalik e’lon qilgan edi. Hukumat kuchlari oktabr oyida jangarilarga qarshi hujum boshlagan.
Aksil-terror xizmati vakili, general-leytenant Abdulg’ani Asadiyning aytishicha, eski shaharda aholi zich joylashgan.
"Odamlar va infratuzilmani saqlab qolish juda muhim. Bu omillar amaliyotni cheklamoqda", - deydi u.
Rasmiylarga ko’ra, jangarilar aholidan jonli qalqon sifatida foydalanmoqda, bu ishga ko’nmaganlarni esa qatl etishmoqda.
"Dushman uylarga yashirinib olgan. Qochmoqchi bo’lgan odamlarni o’ldirishmoqda”, - deydi Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Muhammad Hudxori.
Unga ko’ra, hukumat aholiga shaharni tark etishda yordam berish maqsadida xavfsiz yo’lak ochib bermoqchi.
So’nggi uch yilda “Islomiy davlat” katta hududlarni boy berdi. Musul jangarilarning so’nggi qal’asi. BMT hisobiga ko’ra, shaharda 150 ming aholi qolgan.
Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, 28-may kuni Suriyaning Raqqa shahriga qilingan havo hujumlarida Daishning bir necha rahbari yo’q qilingan, guruh yetakchisi Bag’dodiy esa yaralangan yoki o’lgan bo’lishi mumkin.
Facebook Forum