Breaking News

Iroq va kurd kuchlari Mosulni qayta ishg'ol qilishga hozirlik ko'rmoqda


"Islomiy davlat" Mosulda, Iroq
"Islomiy davlat" Mosulda, Iroq

Iroq va kurd kuchlari aprel yoki may oylarida Mosulni egallab olgan jihodchilarga qarshi jang qilib, shaharni ulardan ozod etmoqchi. Jangdan oldin odatda hech kim harbiy rejasini oshkor etmasa-da, Pentagon rasmiylaridan biri "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotga doir ma'lumotni jamoatchilikdan yashirmadi.

Ayrimlar nazarida AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylari Mosuldagi jihodchilarga qarshi amaliyot qachon boshlanishi va unda qancha qo'shin ishtirok etishini oshkor etish bilan "Islomiy davlat"ga psixologik hujum qilmoqda.

Said Mamozini peshmerga kurd qurolli kuchlarining Mosul yaqinida jang qilayotgan qismlari qo'mondoni. Uning aytishicha, AQSh amaliyot haqida ma'lum qilib, ekstremistlar orasida vahima uyg'otmoqchi.

"Shunda ba'zilari son jihatdan oz ekanini anglab, balki qochib ketar", - deydi Mamozini.

"Islomiy davlat" haqida kitob yozgan muallif Maykl Vays o'zgacha fikrda.

“Bir tomondan bu psixologik hujum, lekin boshqa tomondan xayolparastlik. Bunday usul jihodchilarni Mosuldan haydab chiqarishga ojizlik qiladi”, - deydi ekspert.

Vaysning aytishicha, "Islomiy davlat" jangarilari 10 baravar kam bo'lsa ham so'nggi nafasigacha jang qiladi, bu esa ko'plab talafotlarga olib keladi. Aprelgacha jihodchilar shahar mudofaasi va istehkomlarni kuchaytirib, portlovchi moddalarni raqib yo'lida o'rnatishga bemalol ulguradi, deydi ekspert.

“Jangarilar yo'llarni izdan chiqarib, bomba o'rnatishga usta. Iroq harbiy kolonnasi shaharga yaqinlashishi bilan portlatilishi mumkin”, - deydi Vays.

Qo'mondon Mamozini peshmerga jangchilariga ishonaman, ularsiz Mosulni jangarilardan tozalay olmaymiz, deydi.

"AQSh piyoda askarlari va havo hujumlariga ham muhtojmiz", - deydi u.

Kurd qo'mondoniga ko'ra, shimolda tayyorgarlikdan o'tayotgan Iroq harbiylari oz sonli bo'lib, Mosuldagi jihodchilarga qarshi katta urushga kamlik qiladi.

"Bag'dod qo'shimcha askarlar yuborishi kerak", - deydi u.

Maykl Vays nazarida xalqaro koalitsiya Mosulni osonlikcha qo'lga kiritaman deb o'ylamasligi kerak.

“Iroqda bir-biriga raqib uch guruh - shialar, sunniylar va kurdlar o'z manfaatlari uchun kurashmoqda. Ikkisini o'zaro hamkorlikka da'vat etish oson emas. Ya'ni kurdlar bilan shialarni. Ular bir bo'lib "Islomiy davlat"ni yengishi undan ham qiyin", - deydi Vays.

Tahlilchining yana bir xavotiri shuki, kurd va shialar sunniylardan iborat "Islomiy davlat"ga qarshi kurashsa, boshqa sunniylar jangarilar tarafini olishi mumkin. AQSh qo'shinlarini esa xolis deb bilishadi. Bundan tashqari, amerikaliklar "Islomiy davlat"ni Mosulda yenga oladigan yagona kuchdir, deydi Vays.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG