Germaniyaning Myunxen shahrida bo’lib o’tgan xavfsizlik bo’yicha yillik xalqaro anjumanda AQSh va Yevropa o’rtasidagi tavofutlar yuzaga chiqdi. Yevropa rasmiylari Vashingtonni xalqaro hamjamiyat g’oyasini inkor etayotganlikda aybladi. Tomonlar G’arb demokratiyasi yuzlashayotgan tahdidlar xususida ham bir fikrga kela olmadi.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo nazarida, G’arb kollektiv ravishda g’alaba qozonmoqda.
Pompeoga ko’ra, AQSh qo’shinlari Rossiyaga chegaradosh NATO mamlakatlarini himoya qilmoqda, “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurashda ham muhim rol o’ynamoqda. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Sharqiy Yevropa mamlakatlarini Rossiya gaziga tobelikdan qutulish uchun suyultirilgan gaz bilan ta’minlashi haqida ma’lum qildi.
Biroq anjumanda ma’ruza qilgan yevropalik siyosatchilar vaziyatni o’zgacha tasvirladi. Xususan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ko’ra, AQSh Yevropa bilan aloqalarini qayta ko’rib chiqmoqchi bo’lgan bir paytda Yevropa taqdirini o’z qo’liga olishi kerak.
“15 yil oldin umumiy qadriyatlarga egamiz, dunyoda hali ancha ustun bo’lamiz, deb o’ylardik. Ammo o’tmishga nazar soladigan bo’lsak, hamma har xil maqsad va qadriyat tomon intilayotganini ko’ramiz”, - dedi u.
Makron nazarida, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ish bermadi, bundan hamma birday zarar ko’rdi, u bilan strategik muloqotni boshlash vaqti keldi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa G’arb davlatlarini xayoliy rus tahdidini fuqarolari ongiga singidirishni bas qilishga chaqirdi.
Ba’zilar nazarida, AQSh va Yevropaning Xitoyga nisbatan siyosati tarixiy ittifoqchilarni bo’lib qo’yishi mumkin. Anjumanda qatnashgan amerikalik qonunchilar Xitoyning “Xuavey” kompaniyasiga 5G texnologiyasi bilan ishlashda to’siq qo’yishga chaqirdi.
“Axborot trassasida avtokratiyani demokratiyadan afzal ko’rish degani bu”, - dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.
Anjumanda kiberxavfsizlik xususida ham gap ketdi. “Facebook” kompaniyasi rahbari Mark Sukerberg Rossiya va Xitoy kabi mamlakatlarning ijtimoiy sahifalar orqali G’arb demokratiyasiga qarshi harakatlari haqida gapirdi.
“Biz Rossiya va boshqa davlatlarning bunday harakatlarini o’z vaqtida payqay olmadik. Ayni paytda har kuni tarmoqlarimizdan bir milliondan oshiq soxta sahifalarni olib tashlayapmiz”, - dedi u.
Anjuman tashkilotchilari Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining Myunxenda Tog’li Qorabog’ bo’yicha yuzma-yuz muloqotini olqishladi. Biroq Liviya va Suriya mavzularida o’tgan oliy darajadagi majlislar natijasiz yakunlangan.
Facebook Forum