Germaniyaning Myunxen shahrida o’tgan yillik xalqaro xavfsizlik anjumanida bir necha davlat rahbarlari, tashqi ishlar va mudofaa vazirlari hamda minglab siyosiy arboblar, jurnalistlar va xavfsizlik bo’yicha ekspertlar qatnashdi. 54-anjuman ishtirokchilari dunyo xavfli joyga aylanayotgani haqida ogohlantirdi.
Myunxen konferensiyasi odatda AQSh va Rossiya siyosatchilari olishadigan kurash gilami hamdir. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov rossiyalik fuqarolar va kompaniyalar 2016-yilda Amerika saylovlariga aralashgani haqidagi AQSh da’volarini yana bir bor inkor etdi. Unga ko’ra, taqdim etilgan dalillar ishonarli emas.
“Hozir maqola chop etish oson bo’lib qoldi. Og’ziga kelganini yozishyapti. Ayblovlar, bayonotlar, da’volarning soni oshib bormoqda. Aniq dalil ko’rmas ekanmiz, qolgani quruq gap”, - dedi Lavrov.
Uning aytishicha, G’arb rusofobiyaga qattiq berilgan. Biroq tahlilchilar nazarida, Rossiyaga qarshi dalillar yetarlicha.
“Rossiyadagi mustaqil matbuot trollar sahifalarini oshkor etdi. Facebook va Twitter ularni tasdiqladi. Endi esa Adliya vazirligi ham bu ma’lumotlarni tasdiqlamoqda”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazidan Ben Nimmon.
AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Gerbert Makmasterning aytishicha, Qo’shma Shtatlar zarur himoya choralarini ko’rmoqda.
“Internetda, ijtimoiy sahifalarda bizga qarshi kiber-xurujlar uyushtirib, yolg’on ma’lumot tarqatayotgan, josuslik qilayotgan va diversion harakatlar olib borayotganlarni fosh qilib, ularga qarshi chora ko’ramiz”, - dedi rasmiy.
Makmaster Suriya, Shimoliy Koreya va Eronni xavfli qurollarni yaratayotganlikda, qo’llayotganlikda va tarqatayotganlikda aybladi.
“Eron bilan imzolangan xalqaro bitimdagi kamchiliklarni topib, bu mamlakatning beqarorlik urug’ini sochishga qaratilgan harakatlariga barham berish vaqti keldi”, - dedi u.
Suriya mojarosi borgan sari chigallashib bormoqda, deydi tahlilchi Karin fon Xippel.
“AQSh va Turkiya to’qnashuvi ehtimoli mavjud, Rossiya qo’shinlarini kiritgan, arab mamlakatlaridan ham harbiylar bor, Isroil ba’zida hujumlar uyushtirib turadi, Eron faol. Vaziyat o’ta qaltis, bitta kichik xato katta mojaroga sabab bo’lishi mumkin”, - deydi Londondagi Qirollik birlashgan xizmatlar instituti rahbari.
Bunday mojaro Suriya atrofidagi davlatlarni ham o’ziga tortishi mumkin. Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy Myunxenda “Islomiy davlat” to’dasi solayotgan tahdid haqida gapirdi.
“Daish tomonidan ishg’ol etilib, vayron qilingan hududlarni barqarorlashtirib, tiklashimiz lozim. Neft savdosidan tushayotgan daromad keskin kamaygan bir paytda bu juda ham qiyin vazifa”, - dedi u.
Anjumanda Shimoliy Koreya ballistik raketa va atom quroli dasturlari ham muhokama etildi.
Facebook Forum