AQSh bo’ylab 90 ga yaqin musulmon amerikaliklar hokimiyatga saylanish harakatida. Aksariyati Demokratik partiya a’zolari. Kuzgi saylovda ular Tramp boshliq respublikachilardan Kongressning kamida bir palatasini qo’lga olmoqchi.
U yosh, xarizmatik, Angliyada tahsil olgan, musulmon. Michigan shtatida eng yuqori lavozimlarni egallagan rasmiylardan ajralib turadi. Abdul al-Sayid shtat gubenatori bo’lmoqchi.
“O’qishni bitirganimda Bill Klinton mendan siyosatga kirish niyating yo’qmi, deb so’ragan edi. Bunday imkoniyat men uchun yopiq deb o’ylaganman”, - deydi u.
Nomzod 2001-yilgi voqealarni eslaydi.
“Maktabda futbol komandasi kapitani edim. 11-sentabr xurujlaridan keyingi birinchi o’yin hech qachon esimdan chiqmaydi. Birinchi bor odamlar meni turli so’zlar bilan haqorat qilishgan. “Uyingga ket”, “Osama” degan gaplar bo’lgan. Qizig’i, akamning ismi Osama”, - deydi al-Sayid.
Agar yetarlicha saylovchilarni o’ziga ergashtira olsa, Abdul al-Sayid Michigan shtatida va mamlakatda birinchi musulmon gubernator bo’ladi. Uning e’tiqodi va etnik kelib chiqishi siyosiy raqiblari tomonidan tez-tez hujumga uchrasa-da, al-Sayidning aytishicha, saylovchilarning tashvishlari tamoman boshqa.
“Men saylovchilarga nima qilib bera olaman? Shunisi qiziq. Ularni tingladimmi yoki yo’qmi, e’tibor berishadi. Ismim Abdul ekani, namoz o’qiyotganda qo’limni qanday tutishim bilan hech kimning ishi yo’q”.
Arab amerikaliklar uchun zamon o’zgarmoqda, deydi Osama Siblani, Michigandagi arab amerikaliklar uchun “Arab-Amerika yangiliklari” degan haftalik gazeta noshiri. Uning aytishicha, gubernator bo’lish uchun al-Sayid shtat saylovchilarini o’ziga ergashtira olishi kerak.
“Jon Kennedi prezident bo’laman deganda, katolik odam Oq uyga saylana olmaydi deyishgan. Saylandi. Barak Husayn Obama prezidentlik poygasiga kirganida, ilk bor afro-amerikalik qatnashyapti, deyishgandi. Aholi orasida qora tanlilar ko’pchilikmi? Yo’q, lekin u ikki bor saylandi. Musulmon amerikalik gubernatorlikka saylana oladimi? Albatta”, - deydi Siblani.
Abdul al-Sayid qatorida yana ikki siyosatchi Michigan gubernatorligi uchun Demokratik partiyadan nomzod bo’lish uchun kurashmoqda. Al-Sayid yaqingacha Detroyt sog’liqni saqlash idorasini boshqargan. Shtatning Flint shahri haligacha ichimlik suvi zaharlanishi bilan bog’liq inqirozdan chiqa olgani yo’q. Aholi suv iste’molga yaroqli ekaniga ishonmaydi.
Avgustda o’tadigan saralash jarayonida al-Sayid elakdan o’ta olsa, 6-noyabrda u Michigan gubernatorligi uchun respublikachi nomzod bilan bellashadi. 2016-yilgi prezidentlik saylovida Donald Tramp shtatni yutib ketgan edi.
Facebook Forum