Sobiq Birma, hozir esa Myanma deb ataluvchi Osiyo davlatida harbiylar hokimiyatni kuch bilan tortib olib, mamlakat rahbariyati, jumladan prezident, vazirlar, hukmron «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi yetakchisi, Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Au San Su Chini qamoqqa olgan.
Myanmada bir yilga harbiy holat joriy etilgan. Qurolli kuchlar qo'mondoni Min Aun Xlayn hokimiyatni o'z qo'liga oldi.
Harbiylar davlat to'ntarishini noyabr oyida o'tgan parlament saylovlari natijalarining soxtalashtirilgani bilan asoslamoqda. Milliy liga 83 foiz ovoz bilan saylovda g'alaba qozondi. Saylov komissiyasi jarayon qonun doirasida o'tgan deya xulosa qilgan.
Harbiylar 1-fevral tongida mamlakatda reydlar o'tkazishdan oldin davlat telekanallari faoliyatini vaqtincha to'xtatishni, so'ng tashviqiy harbiy videolarni efirga uzatishni buyurgan.
Internet tezligining 75 foizga tushishi oqibatida banklar bir necha kunga ishini to'xtatishini bildirdi. Aholi mahsulot g'amlash uchun o'zini do'konlarga otdi.
AQSh, Avstraliya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Singapur hamda Yevropa Ittifoqi davlat to'ntarishini qoralab, hibsga olinganlarni ozod etishga chaqirdi. Aks holda bu ishga aloqador odamlarga nisbatan chora ko'rilishi haqida ogohlantirishdi.
“Xalqaro hamjamiyat bo’lgan voqealarni tan olishdan bosh tortmoqda. Dunyo rahbarlari bunday noqonuniy harakatni qoralashda birdam”, - dedi BMTning Myanma bo’yicha maxsus vakili Tom Endryus.
“Myanma xalqi demokratiya tarafdori. Yevropa Ittifoqi ular bilan”, - dedi ittifoqning tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrell.
Yevropa Ittifoqi Myanmaning uchinchi yirik savdo hamkori bo’lib, ittifoq bu mamlakatga savdo bobida qator imtiyozlar bergan va hozir ularni bekor qilishi mumkin.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham Myanmadagi vaziyat yuzasidan xavotir bildirib, qamalganlarni ozod etishga, hukumatni tiklashga chaqirdi.
Bugun Myanmada yangi parlament ilk majlisga to’planishi kerak edi.
Facebook Forum