Breaking News

"Assoshieytid Press": Myanma xavfsizlik kuchlari musulmon ayollarni zo’rlagan


"Assoshieytid Press" axborot agentligi tayyorlagan hisobotda aytilishicha, Myanma xavfsizlik kuchlari mamlakat g'arbidagi Rakxayn shtatida roxinjalik musulmon ayollarni jinsiy zo'rlab kelgan.

Agentlik Myanmadan qo'shni Bangladeshga qochgan 13 yoshdan 35 yoshgacha bo'lgan 29 nafar ayol va qiz bilan suhbatdan so'ng shunday xulosaga kelgan.

Ularga ko'ra, zo'rlash hollari 2016-yilning oktabr oyidan shu yil sentabr o'rtalarigacha bir necha qishloqda sodir etilgan. Har bir ayolning aytishicha, ular guruh tomonidan zo'rlangan.

"50 nafar harbiy qishlog'imizga kelib, uni o'rab oldi, so'ng har bir uyning eshigida uch kishidan turdi. Keyin esa uylarga kirib, qizlarni kuch bilan tashqariga olib chiqishdi va ularning nomusiga tega boshlashdi. Meni kaltaklashdi, pichoq bilan hujum qilishdi, og'zimni yopib, ko'zlarimni bog'lab, yerga yotqizib zo'rlashdi. O'ldim deb o'yladim", - deydi jabrdiydalardan biri.

Axborot agentligining bildirishicha, shifokorlar va yordam tashkilotlari xodimlarining bu hikoyalardan eti junbushga keldi. Aslida, deyiladi xabarda, jinsiy zo'rlash ko'lami bundan-da kattaroq bo'lishi mumkin, chunki ba'zi ayollar boshidan o'tganlarini aytishdan qo'rqqan yoki or qilgan.

"Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotining "Assoshieytid Press"ga ma'lum qilishicha, avgust oyidan beri zo'rlangan ayollardan 113 nafariga tibbiy yordam ko'rsatilgan. Ularning uchdan biri 18 dan yosh ekani, eng kichigining yoshi to'qqizda ekani aytiladi.

"Bu jamiyatlarda zo'rlangan ayollarga yomon ko'z bilan qarash keng tarqalgan, shu sabab ular o'z vaqtida bunday holatlar haqida ochiq gapirmaydi. Natijada ularga o'z vaqtida tibbiy yordam berishga ojizmiz. Aks holda yuqumli jinsiy kasalliklardan profilaktika qilgan bo'lardik", - deydi bu tashkilot xodimi Kristal van Liuven.

Myanma xavfsizlik kuchlari "Assoshieytid Press"ning intervyu iltimoslariga javob bermagan. Harbiylar noyabr oyida ichki taftish qilib, bunday holatlar ro'y bermagan, degan xulosaga kelgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG