Breaking News

Myanmada diniy va etnik ziddiyatga chek qo'yiladi degan umid bor


Roxinja musulmonlari xaroba holiga kelgan qochoqlar lagerida, 4-avgust, 2015-yil.
Roxinja musulmonlari xaroba holiga kelgan qochoqlar lagerida, 4-avgust, 2015-yil.

Myanma g'arbidagi Rakxayn shtatida 2012-yil boshlangan etnik zo'ravonlikda ko'plab musulmonlar halok bo'ldi. O'n minglab aholi o'z uyini tashlab qochdi. Shundan beri zo'ravonliklar tingandek, ammo hanuz minglab odam vaqtinchalik lagerlarda yashamoqda. Ziddiyatga kirishgan elatlarning yarashishidan umid bormi?

Myanmada buddist-musulmon ziddiyati, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:43 0:00

Rakxayn shtati deganda 2012-yildan beri ko'z o'ngingizda zo'ravonlik va insoniylik fojeasi gavdalanadi. Diniy va etnik ziddiyatlarga asoslangan to'qnashuvlarda Roxinja musulmonlari deya tanilgan jamoa buddistlar to'dasi qo'lida aziyat chekdi. Qonli xurujlardan qochib 140 mingdan ortiq odam hukumat va nodavlat tashkilotlar nazoratidagi lagerlardan panoh topdi.

BMT Qochoqlar agentligi ma'lumotiga ko'ra, bu boshpanalardagi sharoit borgan sari yomonlashib bormoqda.

Ammo avstraliyalik ikki olim yaqinda o'tkazgan so'rovning ko'rsatishicha, tomonlar yarashishni istaydi.

Melburndagi Dikin universiteti tadqiqotchilari Entoni Veir va Ronan Li Rakxayn shtatida 600 odam va jamoat yetakchilari bilan suhbat o'tkazganda kutilmagan natija qo'lga kiritildi.

"Bir tomonda ikkinchi tomonga qaraganda ko'proq shafqat uyg'onganini va hozirgi vaziyatlaridan achinayotganlarini aniqladik. Har ikki tomonda bir-birini qabul qilish va haq-huquqlarini hurmat qilish darajasi oshgan", - deydi Ronan Li.

Roxinja musulmonlariga fuqarolik berilmagan va ular mamlakat saylovlarida ovoz bera olmaydi. Hukumat ularni noqonuniy kelgindilar deb hisoblaydi. BMT hisob-kitobiga ko'ra, Rakxayn shtatida fuqarolikka ega bo'lmagan 800 mingdan ziyod odam bor.

Hukumat va buddist jamoalari, shuningdek, ularga nisbatan Roxinja atamasining ishlatilishidan norozi. Ushbu ism ostida Rakxaynda jami 1,3 million musulmon yashaydi.

Lining aytishicha, musulmonlar boshqa ism bilan atalishlariga qarshi emas, ammo hukumat tamg'alagan "Bengali" nomini olishni istashmaydi.

"Qaysi guruh odamlari "Roxinja" nomidan foydalanishi kerak, degan masalada bahs bor. Musulmonlardan bu ism sizlarga qanchalik muhim, deb so'rasangiz, ularning javobi bir xil: Biz o'z huquqlarimizni va fuqarolikni olishni istaymiz; biz bir necha avlodlardan beri Myanmaning bir qismi bo'lib kelganmiz va bu yerda bir necha yuz yillik tariximiz bor, deb aytishadi", - deydi Li.

Tadqiqotchilarga ko'ra, musulmonlar va buddaviylar o'rtasida o'xshash jihatlar ham yo'q emas.

Zo'ravonliklardan har ikki jamoa ham aziyat chekdi. Ayni paytda mamlakatda siyosiy erkinliklarga va tashqi investitsiyaga yo'l ochilishi natijasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar yuzaga chiqmoqda.

Ammo bu iqtisodiy o'sishdan Rakxayn shtati chetda qolmoqda, deydi Li. Chunki sarmoyadorlar beqaror hududga mablag' kiritishni istamaydi. Tadqiqotchiga ko'ra, mintaqa musulmonlari baliqchilik va savdo bilan shug'ullansa, buddistlar, asosan, dehqonchilik qiladi.

Sidneydagi Makkuori universiteti tadqiqotchisi Sin Turnelning aytishicha, so'nggi so'rov hududda barqarorlik o'rnatilishiga umid beradi.

"Ularga iqtisodiy yordam berilsa hamda bu jarayon hasad va ziddiyatlarga sabab bo'lmaydigan darajada oshkora bo'lsa, oz bo'lsa-da, umid qilishga imkon beradi", - deydi u.

Hozircha shtat aholisi Au San Su Chi yetakchiligidagi Demokratiya milliy ligasi hukmron yangi hukumat mamlakatga qanday o'zgarishlar olib kelishi mumkinligini kuzatmoqda. Au San Su Chi Roxinja musulmonlariga fuqarolik berish haqida o'ylamayotgani, ammo mintaqaga iqtisodiy yordam ko'rsatish rejalanayotgani haqida gapirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG