Breaking News

AQSh, Meksika va Kanada NAFTAni qayta ko'rib chiqmoqda


AQSh, Kanada va Meksika 1994-yilda imzolangan mintaqaviy savdo shartnomasini qayta ko’rib chiqmoqchi. Amerika Prezidenti Donald Tramp nazarida, Shimoliy Amerika erkin savdo bitimi yoki NAFTA AQShda millionlab ish o’rinlarining qisqarishiga olib keldi. Muzokaralarning birinchi bosqichi bugun Vashingtonda boshlandi.

1994-yildan beri regional savdo oboroti 290 milliarddan bugunga kelib 1,1 trillion dollarga yetdi.

“Bitim Kanada manfaatlariga xizmat qildi, Meksikaga yaxshi bo’ldi, ammo AQSh zarar ko’rdi”, - deydi Tramp.

Ayrim iqtisodchilar nazarida, Trampning da’vosi bo’rttirilgan. Kanadalik ekspert Laura Dosonning aytishicha, ish o’rinlarining qisqarishiga Xitoyning iqtisodiy yuksalishi hamda ishlab chiqarishning avtomatlashtirilishi sabab bo’ldi.

“AQSh ozroq ishchisi bilan oldingidan ancha ko’p mahsulot ishlab chiqarmoqda”, - deydi u.

Eng yirik kasaba uyushma bosh iqtisodchisi Bill Sprigsning aytishicha esa, NAFTA eng boshida puxta o’ylanmagan.

“Yirik kompaniyalar daromadini oshirish uchun kelishilgan bitim bu. Atrof-muhit muhofazasi, inson huquqlari himoyasi, ishchilar huquqlari himoyasi kabilar hujjatda tilga olinmagan", - deydi u.

Kanada tashqi ishlar vazirasiga ko’ra, NAFTAni saqlab qolish zarur.

“Kanada-AQSh iqtisodiy aloqalari katta ahamiyatga ega. Bu ikki taraf manfaatlarini hisobga olgan eng foydali va eng samarali munosabatlardir”, - deydi Kristiya Frilend.

Ishchi kuchi arzon Meksikada NAFTA yordamida ishlab chiqarishga katta sarmoyalar kiritilganiga qaramay, bu mamlakat rasmiylari bitim kutilgan natija bermadi, deydi. Biroq meksikalik sobiq diplomat, hozir esa biznes maslahatchi Antonio Ortiz-Menaning aytishicha, hujjat globalizatsiya ta’sirini hisobga olgan holda yangilanishi zarur.

“Blok sifatida boshqa bloklar bilan raqobat qilishda Meksika haqiqiy muammolarga yechimdir, muammo emas”.

AQShning Meksika bilan savdo kamomadini kamaytirish va tashkilot doirasida bahsli masalalarni hal qilish mexanizmini yo’q qilish harakatlari muzokaralarni qiyinlashtirishi mumkin.

"Kelishish oson bo’lmaydi. Yaxshi savdo bitimi bo’yicha muzokaralar odatda oson kechmaydi", - deydi Doson.

Muzokaralar yetti davrada o’tishi kutilmoqda, eng so’nggisi 2018-yil iyulida, Meksikadagi prezident saylovlaridan oldin o’tkaziladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG