Breaking News

Armaniston Ozarbayjonning bosib olingan ayrim hududlarini qaytarishga rozi bo'ldi


Ozarbayjon armiyasi Tog'li Qorabog'da Armaniston 1990-yillardagi urushda tortib olgan Shusha shahrini qo'lga kiritishi ketidan Armaniston, Ozarbayjon va Rossiya rahbarlari yangi sulh shartnomasini imzoladi. Unga ko'ra, Ozarbayjon va Armaniston harbiy harakatlarni to'xtatadi.

Xalqaro hayot – 10-noyabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:07 0:00

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, 1-dekabrgacha Armaniston 1993-yilda Ozarbayjondan tortib olgan Kelbajar, Lochin va Ag'dam rayonlarini hamda Qozoq rayonining Yerevan nazoratidagi hududlarini Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini o'z zimmasiga oldi. Ozod etilgan Shusha shahri ham Ozarbayjon boshqaruviga qaytariladi.

Armanistonni Tog'li-Qorabog' bilan ulovchi besh kilometrlik Lochin korridorini rossiyalik tinchlikparvar kuchlar nazorat qiladigan bo'ldi.

Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Pashinyan harbiy asirlar va jasadlarni ayirboshlashga ham kelishib oldi. Sulhni nazorat qilish uchun hujjatga ko’ra Rossiya Lochin korridori bo'ylab 2000 ga yaqin askarni tinchlikparvar sifatida joylashtiradi. Rossiyalik harbiylar bugun manzilga yetib borgan.

Aliyev Turkiya ham Tog'li Qorabog'ga qo'shin kiritishini bildirdi. Biroq Kreml bu ma’lumotni tasdiqlagani yo’q.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’lining aytishicha, masala Rossiya bilan muhokama etilmoqda. Vazir Yerevanni bungacha sulhni uch bor buzganlikda ayblab, kelishuv ijrosi nazorati mexanizmini mukammallashtirishga chaqirdi.

Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar missiyasining muddati besh yil bo'lishi, shundan keyin, zarur bo'lsa, uzaytirilishi aytilmoqda.

Tog'li Qorabog' va uning atrofidagi hududlarni tark etishga majbur bo'lgan ozarbayjonlik qochqinlar BMT nazorati ostida o'z yerlariga qaytish imkoniga ega bo'ladi.

Pashinyan Armaniston xalqiga murojaatida bu qarorni o'zi va xalqi uchun og'riqli deb atadi.

Tog'li Qorabog'da harbiy harakatlar 27-sentabrda boshlangan. Shundan beri Ozarbayjon va Armaniston Rossiya vositachiligida uch marotaba sulhga kelishdi, ammo har safar kelishuv buzilaverdi.

Ozarbayjon rahbari mojaroning harbiy bosqichi yakunlanib, siyosiy pallasi boshlanayotganini aytdi.

"Agar qarshi tomon kelishuvga xiyonat qilsa, harbiy harakatlarni jonlantirib oxirigacha boramiz", - dedi Aliyev.

Ozarbayjon ahli kelishuvni g’alaba deb ko’rarkan, mamlakatdagi tantanalar Milliy bayroq kuniga to’g’ri keldi.

Armanistonda esa qator siyosiy partiyalar Pashinyanni xiyonatda ayblab iste'foga chaqirmoqda, tarafdorlari hukumat binolarini vayron qilib, parlament spikerini kaltakladi. Uch tomonlama qarorga qarshi chiqayotgan namoyishchilar hokimiyatni Qurolli kuchlar Bosh shtabiga topshirishni talab qilmoqda.

Pashinyan talafotlar ko'paymasligi uchun, frontdagi ahvol hamda vaziyat bilan yaxshi tanish odamlar xulosasidan kelib chiqqan holda shunday qarorga kelishga majbur bo'lganini aytdi.

Bu o'rtada Ozarbayjon Armanistonda Rossiyaga tegishli Mi-24 harbiy vertolyotini urib tushirdi. Aliyev voqeaning tasodif ekanini aytib, Rossiyadan uzr so'radi, halok bo'lgan ikki uchuvchining oila a'zolariga kompensatsiya to'lashga tayyor ekanini bildirdi. Vertolyot Rossiyaning Armanistondagi harbiy bazasida xizmat qilayotgan askarlar ketayotgan kolonna xavfsizligini ta'minlagani aytiladi.

Ozarbayjon prezidentining matbuot xizmatiga ko'ra, hodisa tunda sodir bo'lgan, Ozarbayjon harbiylari vertolyotni Armaniston qurolli kuchlariga qarashli deb o'ylagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG