Armaniston Ozarbayjon bilan Tog’li Qorabog’dagi uch rayonni topshirishga qaratilgan sulh kelishuvini o’z vaqtida bajardi. Kecha Ozarbayjon harbiylari Lochin tumaniga kirdi. 27-sentabrda boshlangan harbiy ixtilof 44 kun davom etib, 10-noyabrda Ozarbayjon g’alabasi bilan yakunlandi. Boku 30 yil Armaniston istilosida bo’lgan hududlarning ba’zilarini qaytarib olishga muvaffaq bo’ldi.
Bir necha kun oldin Kelbajar va Agdam rayonlari ham Ozarbayjon boshqaruviga qaytdi.
Sulh kelishuvi ijrosini nazorat qilish hamda Tog’li Qorabog’ni Armanistonga ulovchi Lochin korridorida xavfsizlikni ta’minlash uchun mintaqaga salkam 2000 rossiyalik askar kiritilgan. Ularning mandati besh yilga mo’ljallangan. Tinchlikparvar kuchlar, shuningdek, qochqinlarning qaytishiga ham yordam beradi.
Lochin rayonining sobiq arman rahbari Musheg Alverdyanning aytishicha, hududda yashagan arman aholi boshqa joylarga ko’chirilgan.
Bugun Rossiya va Turkiya Tog’li Qorabog’da qo’shma nazorat markazini tashkil etishga doir hujjat imzolagan. Anqara urushda Ozarbayjonni qo’llab-quvvatladi.
Dushanba kuni rossiyalik tinchlikparvar kuchlar Stepanakert yonida o’zlari uchun 40 yotoqli dala gospitalini tashkillashtirdi, ular nazorat qilayotgan hududlarni mina va boshqa turdagi portlovchi moddalardan tozalamoqda. Har kuni portlamay qolgan o’nlab o’q-dori topilmoqda.
Facebook Forum