Rossiya va Turkiya Tog’li Qorabog’da sulhni nazorat qilish uchun qo’shma markaz tuzishga kelishib oldi. Ikki mamlakat mudofaa vazirlari Sergey Shoygu va Hulusi Oqar virtual shaklda muloqot qilib, markaz tuzilishiga doir shartnomani imzoladi.
Rossiya mintaqaga tinchlikparvar qo’shinlarini kiritmoqda. Shoyguning aytishicha, markaz Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari imzolagan sulh kelishuvini nazorat qilishga, harbiy harakatlar jonlanishining oldini ollishga yordam beradi.
“Qorabog’da tinchlik o’rnatilishi uchun muhim qadam qo’yayotganimizga ishonaman”, - dedi turk vaziri.
Prezident Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, kelishuvlar ijrosiga doir yo’l xaritasini belgilash uchun Anqarada Rossiya delegatsiyasining tashrifi kutilmoqda.
Rossiya Tog’li Qorabog’ga 1960 nafar askar va o’nlab harbiy texnika joylashtirmoqda. Shu hafta sakkizta harbiy vertolyot yetkazilgan.
Ozarbayjon 1990-yillarda bosib olingan hududlarning bir qismini qaytarishga muvaffaq bo’ldi. Mamlakatda xursandchilik hukm surmoqda. Qo’shni Armanistonda esa xalq urushdagi mag’lubiyatda rahbariyatni ayblayapti. Mamlakatdagi ayrim siyosiy kuchlar urushni davom ettirishga chaqirmoqda.
"Birorta partiya a’zosimasman. Men Turkiya fuqarosi bo’lishni istamayman. Ota-bobolarimiz yerlarini turklarga berib qo’yishni xohlamayman. Harbiylar, huquqshunoslar, diplomatlar to’planib, bir qarorga kelishi kerak”, - deydi Yerevanda namoyishga chiqqan 55 yashar bir ayol.
"Pashinyanning iste’fosini talab qilish uchun ko’chaga chiqdim. Butun boshli bir xalq muammosini hamma bilan maslahatlashmay hal qilib bo’lmaydi”, - deydi yerevanliklardan yana biri.
Pashinyanning aytishicha, sulh bitimi imzolanmaganida kattaroq hududlarni boy berishga to’g’ri kelardi.
Bu o’rtada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Tog’li Qorabog’ uchun janglarda yaralangan askarlarni ko’rish uchun poytaxt Bokudagi kasalxonaga bordi.
"Barchangizni ajoyib g’alaba bilan tabriklash uchun, mardonavor jang qilganingiz uchun Ozarbayjon xalqi nomidan minnatdorchilik bildirish uchun keldim”, - dedi u.
Tog’li Qorabog’dagi vaziyatni muhokama etish uchun shu hafta Moskvada Fransiya va AQShdan hukumat delegatsiyalari kutilmoqda.
Facebook Forum