Breaking News

Amerika ham Marsga raketa uchirdi


"Perseverance" marsoxodi
"Perseverance" marsoxodi

AQShning Fazoni tadqiq qilish agentligi NASA bugun Florida shtatidagi kosmodromdan Mars sayyorasiga “Atlas-5” raketasi va unga biriktirilgan eng zamonaviy marsoxod hamda vertolyotsimon dron uchirdi.

“Mars-2020” missiyasining qiymati 2,4 milliard dollar bo’lib, misol uchun, bu “Roskosmos” - Rossiya fazo agentligining yillik byudjetidan ko’pdir. Missiyadan asosiy maqsad Marsda hayot bo’lganini tekshirish.

Iyul oyida Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoy ham Qizil sayyoraga raketa uchirdi.

AQSh apparati Marsga 2021-yil fevralida yetib borishi kutilmoqda. “Perseverance” deb nomlanuvchi olti g’ildirakli marsoxod kelajakda sayyoraga insonni yuborish uchun zarur uskunani sinovdan o’tkazadi.

Bu NASAning Mars sirtini o’rganish uchun to’qqizinchi missiyasi bo’lib, marsoxod 3,5 milliard yil avval suv bilan to’lgani taxmin qilinayotgan ko’l, hozir esa Ezero deb nomlanuvchi chuqurligi 250 metrlik krater tubiga qo’nadi va u yerdagi namunalarni to’playdi.

Namunalar sigara hajmidagi kapsulalarga solinib, Mars sathi bo’ylab sochib tashlanadi. Ularni terib, Yerga uzatish uchun kelajakda yangi missiya safarbar etilishi kutilyapti. Mutaxassislar 2031-yilda shunday bo’lishini taxmin qilmoqda. Aynan shu paytda “Artemida” dasturi doirasida astronavtlarni avval Oyga, so’ng Marsga uchirish rejalanmoqda.

Olimlar “Marsda hayot bormi” degan savol xususida hanuz tortishmoqda.

Missiyaning eng qiyin bosqichi Mars atmosferasidan o’tish bo’lib, yetti daqiqa davomida marsoxod haddan tashqari issiq harorat va tezlikka chidashi kerak bo’ladi. Qo’nish paytida apparat tovush tezligidan tez harakatlanuvchi bir nechta parashyutni ishga solib, mini dvigatellarini yoqadi. Marsoxodga biriktirilgan dron Marsda ilk bor sinaladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG