Breaking News

NASA buyuk maqsadlarni ko'zlamoqda


AQShning Floridadagi kosmodromi
AQShning Floridadagi kosmodromi

“Apollon-11” AQSh raketasining Oyga qo’nganiga 50 yil bo’ldi. Ayni damda Milliy aeronavtika va fazo boshqarmasi yoki qisqachasiga NASA koinotga fazogir yuborishni rejalamayapti, ammo yaqin kelajakda vaziyat o’zgarishi mumkin.

Alabamaning izg’irin landshafti uzra metaldan yasalgan bahaybat qurilma qad ko’tarib, o’xshash bir narsani eslatadi.

“Fazo texnologiyasidan ko’p meros qolgan bu yerda”, - deydi NASAning sinovlar bo'yicha yetakchi muhandisi Mayk Nikols.

Biroq endi ko’p marotabalik bu kema orbitaga ortiq ko’tarilmaydi. U 2011-yilda metallalomga topshirilgan. O’shanda NASA eng oxirgi marta koinotga amerikalik fazogirni uchirgan edi.

Boshqarmaga qarashli Marshall nomidagi fazo markazida yangi Kosmik parvoz tizimi ustida ish ketyapti.

“Ortimda suyultirilgan vodorod joylangan bakni ko’ryapsiz”, - deydi mutaxassis.

Mayk Nikols NASAning yangi raketa texnologiyasini sinovdan o’tkazish bilan band.

“Parvozga chidamliligini tekshirish uchun mana shu strukturani qurib, bizga sinov uchun yuborishadi. Gidravlik silindrlar yordamida raketaga yuk ortishni ham sinayapmiz”, - deydi u.

Tarixchi Brayan Odomning aytishicha, bu ulkan Kosmik parvoz tizimining bir qismi bo’lib, “Orion” kapsulasini fazoga uchiradi.

“Ayni damda raketaning suyuq kislorod joylangan oksidlash bakini sinovdan o’tkazypamiz. Bosimga chidarmikan, raketani uchirish paytida jadal dinamikani ko’tara olarmikan, shuni tekshiryapmiz. Namunalarimiz hozircha uyaltirib qo’ygani yo’q”, - deydi u.

Marshall fazo markazidagi sinovlar tugaganidan so’ng fazogirlarni orbitaga qaytarish yagona maqsad emas. Rejada kattaroq ishlar bor.

“Kosmik parvoz tizimi anjomlar, astronavtlar, ular uchun oziq-ovqat va jihozlar yuklangan raketani bitta parvozda Oygacha yetkazish salohiyatiga ega yagona sistemadir”, - deydi parvoz markazi direktori Jodi Singer.

Uning aytishicha, AQShning yangi fazo poygasidagi bu galgi raqibi Xitoy bo’lib, Pekin kelasi 10 yilda Oyga odam yubormoqchi.

“Xitoy tashabbusini olqishlash kerak. Ularning harakatlari bizni tashvishga solmasligi kerak”, - deydi 1971-yilda Oyga uchgan “Apollon-15” raketasining piloti Alfred Vorden.

Unga ko'ra, NASA Xitoy bilan hamkorlikda ishlashi kerak.

“Hamkorlik qilish kerak. Chetda kibr bilan qarab turgandan ko’ra birga ishlash kerak. Alohida ish yuritgandan ko’ra qo’shma dastur orqali ko’p narsaga erishsa bo’ladi”, - deydi u.

Ayni damda “Boing” (Boeing) va “Speys Iks” (Space X) kabi xususiy kompaniyalar astronavtlarni Yer orbitasi va Xalqaro fazo stansiyasiga olib chiquvchi raketalar yaratmoqda. NASA esa boshqa manzillarni ko’zlamoqda, deydi Jodi Singer.

“2024-yilgacha erkak astronavt va ilk bor fazogir ayolni Oyga chiqarish uchun qattiq mehnat qilyapmiz. Shu parvozdan olingan tajribalarimizni so’ng Mars va boshqa yo’nalishlarga parvozlarda qo’llaymiz”, - deydi Singer.

“Artemida” dasturi doirasida “Orion” raketasi kelasi yili Oyga fazogirsiz uchishi kutilmoqda. 2022-yilda boshqariladigan parvoz rejalangan, fazogirlar Oyni aylanadi, 2024-yilda esa kapsula “Artemida-3” dasturiga muvofiq Oyning janubiy qutbiga qo’nishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG