Xalqaro fazo stansiyasiga odam jo'natishda AQSh 2011-yildan beri Rossiya raketalaridan foydalanib keladi. Yaqin yillarda bu o'zgarishi mumkin. NASA bir qator xususiy fazo kompaniyalari bilan odamlarni quyi va yuqori orbitaga olib chiqa oladigan havo kapsulalarini yaratish ustida ishlamoqda.
4,2 milliard dollarga teng kontrakt bo'yicha, "Boing" 2017-yilga borib Xalqaro fazo markaziga odam uchirishni boshlaydi.
"Boing" va "SpaceX" kompaniyalari Rossiyaning "Soyuz" havo kemasiga qaraganda 20 million dollar kamroq xarajat bilan astronavtlarni fazoga olib chiqishga shay.
Kapsulalar allaqachon tugallanish arafasida. Fazogirlar uchish uchun tayyorgarlik ko'rishni ham boshlashgan.
"Bizda mashq qilish uchun ikki xil simulyatsiya mashinasi bor. Ulardan biri tizimni, ekipaj kabinasini, uning ichida odam qanday ishlashini o'rganish uchun", - deydi NASA fazogiri Sunita Uilyams.
Fazo kemasini boshqarish dizayni ham o'zgargan. Yuzlab tugma va tutqichlar o'rniga astronavtlar, asosan, sensorli ekranlardan foydalanadi.
"Mashina haydashni o'rganishga o'xshaydi. Farqi shundaki, siz havo kemasini o'rganayotgan bo'lasiz", - deydi astronavt Erik Bou.
NASA ayni paytda yangi Orion fazo kemasi hamda Fazoga uchish tizimi deb nomlangan yanada kuchli raketa yaratish ustida ishlamoqda. Agentlik quyi orbita safarlarini xususiy kompaniyalarga topshirib, o'zi asosan uzoq kosmosga uchish, xususan, Marsga odam jo'natish kabi missiyalar bilan shug'ullanmoqchi.