To’qqiz yil ichida ilk bor o’tgan hafta astronavtlar AQShdan samoga ko’tarildi. AQSh Fazoviy tadqiqotlar agentligi NASA va “SpaceX” xususiy kompaniyasi uchun bu tarixiy yutuq. Parvoz muvaffaqiyati minglab insonlarning mehnati mahsulidir.
“SpaceX” raketasida Xalqaro kosmik stansiyaga yetib borgach, astronavtlar Bob Benken va Dag Xerli AQSh bayrog’ini ko’tarib, Yer bilan bog’landi. Bayroqni qariyb 10 yil oldin AQShdan uchgan so’nggi ekipaj stansiyada qoldirgan edi.
Avvaliga ob-havo tufayli bekor qilingan parvoz 30-may kuni amalga oshdi. Ammo ob-havo missiya xavfsizligi bilan bog’liq omillardan bittasi xolos.
“Raketani qanday qilib xavfsiz uchirishga besh yildan ortiq tayyorgarlik ko’rdik. Oxir-oqibat bizga ehtiyoj bo’lmadi”, - deydi podpolkovnik Maykl Tomson.
Uning vazifasi raketa biror sababdan halokatga uchrasa, kapsulani okeandan topib, astronavtlarni zudlik bilan qutqarishdir. Bunda yuk samolyotlari, vertolyotlar va kemalar ishga solinadi. Biz haqimizda eshitmasangiz, shuning o’zi xushxabar, deydi u.
“Bizni xizmatda ko’rmaysiz deb umid qilamiz. Lekin ehtiyoj bo’lsa, vazifamizni bajarishga tayyormiz”, - deydi Tomson.
Parvoz oldidan mutaxassislar ob-havoga baho beradi.
“Bizning ofisdagi xodimlarning asosiy vazifasi – ekipajli yoki ekipazsiz har qanday raketaning orbitaga xavfsiz yetib olishini ta’minlash”, - deydi Mark Burger.
Uning komandasi parvoz xavfsizligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo’lgan faktorlarni aniqlaydi va baholaydi.
“Afsuski, chaqmoq va kosmik kemalar bir-biri bilan kelishmaydi. Raketa atmosfera bo’ylab harakatlanayotganda, elektr maydoni chaqmoq urishiga olib kelishi mumkin”, - deydi Burger.
3-iyun kuni “SpaceX” raketasi, shuningdek, 60 ta “Starlink” sun’iy yo’ldoshlarini orbitaga olib chiqdi. Uskunalar keng tarmoqli internet xizmatini yo’lga qo’yish rejasining bir qismidir.
Facebook Forum