Breaking News

Tramp ikki milliy qo'riqxona maydonlarini qisqartirishga qaror qildi


"Bers-Irs" milliy qo'riqxonasi, Yuta shtati
"Bers-Irs" milliy qo'riqxonasi, Yuta shtati

AQSh Prezidenti Donald Tramp Yuta shtatida joylashgan ikki milliy qo’riqxona maydonlarini qisqartirishga qaror qildi. Hindu qabilalari va ba’zi guruhlar bunga qarshi, hududning federal hukumat muhofazasida qolishini istaydi, biroq Oq uy ularning e’tirozini hisobga olmadi. Tramp shu hafta Yuta poytaxti Solt Leyk Sitiga bordi.

“Bers-Irs” (Bears Ears) qo’riqxonasining maydoni salkam 85 foizga, “Grand Sterkeys-Eskalant” (Grand Staircase-Escalante) maydoni esa 50 foizga kichrayishi mumkin. Ortiqcha yerlar shtat ixtiyoriga qaytariladi va bu maydonlarda neft va gaz qazilishi, foydali qazilmalar izlanishi, hudud chorva ehtiyojlari uchun ishlatilishi mumkin. Rejaga qarshilar prezident qarori ustidan sudga arz qilishi kutilmoqda.

“Bers-Irs” Yuta janubi-g’arbida 530 ming gektar maydonda joylashgan bo’lib, bir yil oldin sobiq Prezident Barak Obama tomonidan milliy qo’riqxona deb e’tirof etilgan edi. Tramp esa uni taxminan 85 foizga kichraytirishga qaror qildi.

1996-yilda Prezident Bill Klinton tomonidan milliy qo’riqxona maqomini olgan “Grand Sterkeys-Eskalant” taqdiri ham shunga o’xshash. Tramp namoyishga to’plangan xaloyiqqa “yerlaringizni Vashingtondagi qog’ozboz amaldorlardan o’zingizga qaytaryapman”, dedi.

“Sizning tabiat bilan uzoq davrlik munosabatingiz minglab mil uzoqda o’tirgan amaldorlar xarxashasi qurboniga aylanmasligi kerak. Ular bu zaminni bilmaydi ham, unga sizchalik g’amxo'rlik ham qilmaydi”, - deydi Tramp.

“Bers-Irs” va “Grand Sterkeys-Eskalant” 1906-yilda qabul qilingan qonun asosida milliy qo’riqxona deb e’lon qilingan edi, ammo Trampning aytishicha, oldingi rahbarlar qonunni suiiste’mol qilgan.

“Ushbu qonunga ko’ra, mintaqadagi eng kichik va eng zarur maydongina milliy qo’riqxona sifatida maxsus muhofaza uchun ajratilishi mumkin. Ammo oldingi ma’muriyatlar bu talabga ko’z yumib, qonundan millionlab gektar yer va suv havzalarini qattiq hukumat nazoratiga olish uchun foydalandi”, - deydi prezident.

“Bers Irs”ni muqaddas zamin deb biluvchi Amerikadagi hindu qabilalari Trampning misli ko’rilmagan bu qarori ustidan sudga shikoyat qilmoqchi.

“Merosimizni oyoqosti qilyapsiz”, - deydi ulardan biri.

Biroq ba’zi mahalliy rancho egalari ov qilish, chorvani o’tlatish yoki qurilishga qo’yilgan cheklovlardan noliydi.

“Biz bu yerlarda ko’pdan beri yashaymiz. Bunday imtiyozlarsiz ro’zg’orni tebratish qiyin bo’ladi”, - deydi Tayaler Ivins.

Tramp farmoniga ko’ra, mamlakat bo’ylab 27 ta qo’riqxonaning maqomi qayta ko’rib chiqiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG