Vashingtonda Amerika hindu qabilalari, tarixi va madaniyatiga bag’ishlangan muzey bor. U yerda tub aholining bugungi hayotiga ham katta e’tibor qaratiladi.
Amerika hindulari muzeyiga kelgan odam zamonaviy uslubdagi ekspozitsiyani ko’rib hayron bo’lishi mumkin. Ko'rgazmaga qo'yilgan 31 asar bir-biridan g’aroyib.
Kurator Rebekka Trautman maqsad ham shu deydi.
“Mening nazarimda odamlar bu muzeyga kelganda hindu qabilalarning o’tmishini ko’raman deydi. Biz esa bu ko’rgazmada ularning zamonaviy san’atini namoyish qilayapmiz. Maqsadimiz odamlarni ajablantirish va ularning Amerika hindulari san’ati va umuman san’atkorlari faoliyati tanishtirish”.
Meri Vat Seneka qabilasidan. Ijodkor ayolning bir necha asarlari muzeyda o’z o’rnini topgan.
Uning ilk asarlaridan biri doimiy ko’rgazmada. “Bog’da: Makkajo’xori, loviya va oshqovoq” deb nomlangan bu asar Seneka qabilasining uch milliy taomini aks ettiradi. Asar eski choyshabdan ishlangan. Buning o’ziga xos sababi bor.
“Men choyshablarni yig’ardim. Maqsadim har kuni ishlatiladigan oddiy predmetlarni qo’llash. Bu buyumlarni Amerika hindulari qanchalik qadrlashini ko’rsatish. Biz bu jun choyshablarni to’y va ma’rakalarda odamlarga ulashamiz. Ular mening qabilam Seneka uchun ham katta ahamiyatga ega”, - deydi Meri Vat.
Ko’rgazmadagi barcha asarlar shaxsiyat, tarix, madaniyat yoki biror bir manzarani Amerika hindulari nuqtai nazaridan tadqiq etadi.
Lekin bu nuqtai nazar hamma asarlarda ham ifoda etmaydi. Masalan, mana bu Oregon shtatidagi Umatila Hindu jamoasining peyzaji. U yerda rassom Jeyms Lavador yashaydi.
Kurator Rebekka Trautmanning aytishicha, bu asardan maqsad ko’zga ko’rinadigan manzara va jismlarni emas, balki shu manzaraga shakl bergan geologik va meteorologik kuchlarni tasvirlash.
Ba’zi san’atkorlar o’z asarlari orqali ommaga bilim ulashadi. Jeyms Luna Kaliforniya shtatining Puyukichim qabilasidan.
“Men imkoniyatdan foydalanib, odamlarning tub aholi haqidagi tasavvurini o’zgartirishni istardim. Mana shu asarlarim orqali balki ularga ma’lumot berarman”.
Lunaning “Pablo Tak uchun Ibodatxona” nomli asari nasroniylikning hindu qabilalar hayotiga ta’sirini tadqiq etadi.
Asarda aholining katoliklar qo’llaydigan buyumlarni ishlatayotganini ko’rasiz. Biroq asar Rimda 200 yil oldin chet tillarini o’rganib Puyukichim qabilasiga birinchi lug’atni taqdim etgan hinduni ulug’laydi.
“Agar Kaliforniyadagi tub aholi madaniyatiga qarasak, ular asosan ovchi va dehqon bo’lgan. Lekin odamlar boshqa narsa qilmagan ekan deb o’ylash noto’g’ri. Pablo Tak haqidagi asarlar madaniyatimiz boy ekanini isbotlaydi”, - deydi Luna.
“Pablo Tak uchun Ibodatxona” XX asr oxirlarida vujudga kelgan instalyatsiya san’at janriga kiradi.
Ko’rgazmada bu va boshqa ko’plab asarlar Amerika hindulari madaniyati XIX asrda qolib ketmay tobora rivojlanayotganiga yana bir misol.