Breaking News

NATO tashqi ishlar vazirlari Buxarestda Ukraina taqdirini muhokama qildi


NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari bugun Buxarestda to'planib, Ukraina energetika infratuzilmasini ta'mirlashda yordam berishni va'da qildi. Alyans bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, tashkilot Ukrainaga yordam ko’rsatishda davom etishdan voz kechmaydi.

Xalqaro hayot - 29-noyabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:44 0:00

Majlisda Ukrainaga havo mudofaasi tizimi, o’q-dorilar, gumanitar yordam yetkazish muhokama etilmoqda, garchi yopiq doiralarda qurol zaxiralarining tugab borayotgani ta’kidlansa-da.

NATO Ukrainani yoqilg’i, tibbiy anjomlar, qish uchun zarur narsalar, dronlar signalini bostiruvchi moslamalar kabi noharbiy yordam bilan ham ta’minlamoqda.

"Ukrainani qancha qo’llab-quvvatlash kerak bo’lsa, NATO shuncha yordam berishga tayyor”, - dedi Stoltenberg.

Uning aytishicha, Rossiya muzokaralarda yon berishi uchun Ukraina jang maydonida g’alaba qozonishda davom etishi kerak.

Dushanba kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kundalik murojaatida Rossiyaning yangi raketa hujumlari haqida ogohlantirdi. Havo hujumlari oqibatida mamlakatda millionlab odam chiroqsiz, suvsiz, issiqliksiz qolmoqda.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning aytishicha, energetika inqirozi fonida uning mamlakatiga generatorlar va transformatorlar kerak, Rossiya havo hujumlarini qaytarish uchun esa AQShning "Patriot" rusumidagi havo mudofaasi tizimlariga ehtiyoj bor.

Rossiya sobiq prezidenti, Xavfsizlik kengashi kotibining o'rinbosari Dmitriy Medvedev NATOni (jinoiy to'da) deb atab, Ukrainaga "Patriot" tizimi va uni ishlatish uchun NATO mutaxassislari yuborilsa, ular Rossiya havo kuchlari nishoniga aylanishi haqida ogohlantirdi.

NATO majlisi doirasida “Katta Yettilik”ka a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari ham to’planib, Rossiya hujumlaridan zarar ko’rgan ukrain energetika infratuzilmasini tiklash haqida gaplashdi.

Davlat departamenti rasmiylaridan birining muxbirlarga aytishicha, Vashington AQSh AQSh kompaniyalari va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikda rus raketa hujumlarida ishdan chiqqan yuqori voltli podstansiyalarni tiklash uchun zarur qismlar va uskunani topishga harakat qilyapti.

Fransiya va Germaniya Ukrainada elektr tarmoqlari faoliyatini barqarorlashtirish maqsadida 100 dan ortiq elektr generatorlarini bermoqda.

NATO majlisida Ukrainaning alyansga a’zo bo’lish uchun bergan arizasi ham muhokama etiladi, garchi a’zolikgacha hali yana bir necha yil bo’lsa-da.

A’zolikka da’vogar Finlyandiya va Shvetsiya vazirlari ham tadbirga taklif etilgan. Ular NATOga a’zolikka hujjatlarini ratifikatsiya qilmagan Vengriya va Turkiya rasmiylari bilan uchrashadi. Vengriya parlamentida ratifikatsiya kelasi yil boshida kutilmoqda. Shved Tashqi ishlar vaziri Tobias Billstromning aytishicha, har ikki da’vogar mamlakat Turkiya talablarini bajarishga yaqin turibdi.

Rossiyani Qora dengizning bir qismini urush zonasiga aylantirganlikda ayblayotgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken NATO dengizda faolligini oshirishini aytdi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni ukrainaliklarni muzlatish orqali taslim bo’lishga majburlayotganlikda aybladi.

Uning germaniyalik hamkasbi Annalena Berbok nazarida esa Putin Ukraina jamiyati umurtqasini sindirishga harakat qilyapti.

"Infratuzilma hozirgiday bombardimon qilinsa, bolalar, qariyalar va oilalar ham muzlab qolishini, tashnalik yoki ochlikdan o’lishini bilgan holda shunday qilinadi”, - dedi Berbok.

Bugun “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar adliya vazirlari Berlinda uchrashib, Xalqaro jinoiy sudni Rossiya rahbarlarini javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Germaniya Adliya vaziri Marko Bushmanning aytishicha, harbiy jinoyatchilar o’zini hech qayerda xavfsiz his qilmasligi kerak.

“Ularni javobgarlikka tortamiz, hech bir urush jinoyati jazosiz qolmaydi”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG