Bugun Bryusselda NATO-Rossiya kengashi 2014-yildan beri ilk bor majlis qildi. Rossiya Qrimni o'ziga qo'shib olganidan beri alyans u bilan aloqalarni to'xtatib qo'ygan edi.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning uchrashuvdan so'ng aytishicha, alyans va Rossiya Ukrainadagi vaziyat va Yevropa xavfsizligiga turlicha qaraydi.
"Tafovut kuchli ekaniga amin bo'ldik. Masalan, Ukraina bo'yicha qarashlarimiz, faktlarga baho berishda va ularni ta'riflashda yondashuvimiz boshqacha. Rossiya Ukrainadagi mojaroni fuqarolar urushi deb biladi, bizningcha esa bu Rossiyaning ishi, Kreml Ukraina sharqidagi vaziyatni izdan chiqarmoqda, separatistlarni pul, qurol, harbiy maslahatchilar bilan ta'minlamoqda", - deydi Stoltenberg.
Unga ko'ra, murakkab bir davr va ziddiyatlar kuchli bir paytda NATO va Rossiya o'rtasida muloqotning bo'lishi juda muhim.
Majlisda NATOga a'zo 28 mamlakatning alyansdagi elchilari va Rossiya vakillari qatnashdi.
NATO-Rossiya kengashiga 2002-yil mayida asos solingan. Kreml NATOning sharq tomon, chegaralari tomon kengayishiga qarshi.
Majlisda Rossiya harbiy samolyotlarining Boltiq dengizida AQSh harbiy kemasi ustidan hamda AQSh harbiy samolyoti atrofida uchib o'tgani muhokama etilishi ham kun tartibida edi.