Rossiya NATOni so’nggi yillarda o’z chegaralariga yaqinlashganlikda ayblar ekan, endi harbiy alyans Rossiyani agressiv siyosatda ayblamoqda. So’nggi oylarda AQShning Rossiya bilan aloqalari keskin yomonlashgan. Tomonlar yadro energiyasi sohasida hamkorlikni to’xtatdi.
G’arb Kremlni Ukrainada isyonchilarni qo’llab-quvvatlashda davom etayotganlikda, Kaliningrad shahriga yadro qurolini tashish salohiyatiga ega “Iskandar” rusumidagi raketalarni yetkazib, Yevropa davlatlariga tahdid solayotganlikda ayblamoqda.
Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Moskva harakatlari NATOni zaiflashtirishga qaratilgan.
“Alyansning zaif tomonlariga zarba berishmoqchi, saflariga darz solishmoqchi, NATOning mintaqadagi ta’siri, integratsiya jarayonlariga to’g’anoq bo’lishmoqchi”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi”dan Deymon Uilson.
NATO sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning aytishicha, Rossiya strategik hamkordan strategik raqibga aylandi. Qrimni bosib olib Rossiya Yevropada mutlaqo yangi muhit yaratdi va qit’a endi bu muhitga moslashishga majbur, deydi u.
“Rossiyaga qarshi qattiq turishimiz kerak. Putin o’zini bahodir qilib ko’rsatishga harakat qilsa-da, u kuch-qudratni hurmat qiladi, u bilan qattiq gaplashish zarur, Putinga qudratimizni ko’rsatishimiz kerak”, - deydi Rasmussen.
Biroq NATOning kelajakdagi siyosati AQShda prezident saylovlari natijasiga bog’liq. Respublikachi nomzod Donald Tramp NATO ehtiyojlari uchuh hozirgidan kamroq pul ajratishini bildirgan. Demokrat Xillari Klinton esa NATOni qo’llab-quvvatlamoqchi. Aks holda, deydi u, xavfli vaziyat yuzaga kelib chiqishi mumkin.