NATO shu yil boshida Boltiq davlatlariga qo'shimcha askar jo'natdi. Rossiya buni o'ziga qarshi tahdid deya baholamoqda. Litva esa Kaliningrad anklavi chegarasida devor qurishni rejalagan. Mahalliy aholi xavotirda.
Germaniya yetakchiligidagi NATO kuchlari Litvada harbiy mashq o'tkazmoqda. Rossiya Qrimni egallab olgandan beri NATO Estoniya, Latviya va Polshaga askar jo'natishga qaror qilgan. Bu davlatlar Rossiya agressiyasidan xavotirda.
"Biz Norvegiya, Belgiya va Niderlandiyadanmiz. Juda intensiv tayyorgarlikdan o'tdik. Buni uddaladik. Litvani himoya qilishga va xavflarni bartaraf etishga tayyormiz", - deydi NATO qo'mondonlaridan biri Kristof Huber.
Rossiya chegara yaqinidagi NATO askarlarini o'z xavfsizligi uchun tahdid deb hisoblab, sentabr oyida Belarusda katta harbiy mashq o'tkazishni rejalayapti.
Rossiyaning bunday mashqlari va tez-tez NATO havo sarhadlarini buzib kirishi Boltiq davlatlarini tashvishga solmoqda.
"Biz NATO havo sarhadlarini, chegaralarini qo'riqlayapmiz. Nafaqat Rossiyadan, balki bizning qoidalarimizga rioya qilmaydigan har qanday samolyotdan", - deydi niderlandiyalik NATO qo'mondoni.
AQSh Prezidenti Donald Tramp NATO a'zolaridan mudofaa uchun ko'proq mablag' ajratishini so'ramoqda. Boltiq davlatlari uchun bu ma'qul, ammo ular AQSh-Rossiya munosabatlarining iliqlashishidan tashvishda.
"Bunday munosabatlar yangi ta'sir doiralarini yaratmaydi; ikkinchi Yalta kelishuvini yuzaga chiqarmaydi, deb umid qilamiz. Xalqaro qonunlarga zid ish bo'lmasligi kerak", - deydi Latviya Tashqi ishlar vaziri Edgar Rinkevich.
Litva yangi choralarga qo'l urmoqda. Shu yil Rossiya bilan chegarada devor qurmoqchi.
Devordan asosiy maqsad kontrabandani to'xtatish. Rossiyaga oid xavotirlar ham bor.
"Aytganimdek, eng qiyiniga tayyor turishimiz kerak. Provokatsiyalar bo'lishi mumkin. Estoniyada shunday bo'ldi. Yaqinda bir zobitni o'g'irlab ketishdi", - deydi Litva Mudofaa vazirligi vakili.
Rossiyaning Litva va Polsha o'rtasidagi Kaliningrad viloyati strategik ahamiyatga ega joy. Bu yerda Boltiq floti va ballistik raketalar joylashgan. Ayrim fuqarolar xavotirda.
"Kaliningrad viloyati juda kichik va bu yerda ko'pchilik, jumladan, biz ham xavotirdamiz", - deydi mahalliy fuqarolardan biri.
"Kimdir bunday xatarga qo'l uradi, NATO va Yevropa Ittifoqi dushman kayfiyatga o'tib oladi, deb o'ylamayman", - deydi boshqa bir fuqaro.
Rossiya sentabrdagi mashqlarni boshlamasdan oldin Boltiq davlatlari NATOni tegishli choralarni ko'rib qo'yishga undamoqda.