Rossiya diplomatlarini haydashga qaror qilgan salkam 25 mamlakat ketidan NATO tashkiloti ham qarorgohidagi rossiyalik kuzatuvchilarni vataniga jo’natadigan bo’ldi. AQSh va Yevropa Rossiyani sobiq rus josusi va qizini britan tuprog’ida kimyoviy modda bilan zaharlaganlikda ayblamoqda.
Kreml barcha ayblovlarni inkor etarkan, qattiq javob berishni va’da qildi. Qo’shma Shtatlar 60 nafar rus diplomatini haydash qarorini himoya qilmoqda.
Solsberidagi voqeada Britaniya Rossiyani ayblar ekan, NATO Bryusseldagi qarorgohida ishlayotgan Rossiya vakolatxonasiga 10 kishini vataniga qaytarishni buyurdi.
“Rossiya bu kabi xavfli qadamlari uchun javob berishini anglashi lozim”, - dedi alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Vashingtonni boshqa davlatlarga bosim qo’yayotganlikda aybladi.
“Afsuski, Vashington xalqaro maydonda mana shunday usulga o’rganib qolgan. Uning bosimisiz boshqa mamlakatlar diplomatlarimizni haydamagan bo’lardi”, - dedi u.
Oq uyda o’tgan matbuot brifingida Tramp ma’muriyati so’zlovchisi bosim Rossiyaga qo’yilayotganini aytdi.
“Rossiyaga bosim qo’yib, boshqa ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizni ham shunga da’vat etyapmiz. Ko’plab mamlakatlar AQShga bu ishda qo’shildi”, - deydi Sara Xakkabi Sanders.
Qo’shma Shtatlar haydalayotgan ayrim diplomatlarni josuslar deb atadi. Davlat departamenti matbuot kotibi Xezer Noyert aynan qaysilari josus ekanini ayta olmadi. Buni xavfsizlik idoralarimiz biladi, dedi rasmiy.
“Bu josuslarni haydasak, mamlakatimiz xavfsizroq bo’ladi. AQShda 60 taga kam josus bo’ladi”, - dedi u.
Noyert Rossiyani kimyoviy hujum uchun uzr so’rab, mas’uliyatsiz harakatlarini bas qilishga chaqirdi.
Facebook Forum