NATO, Shimoliy Atlantika harbiy bloki rahbarlari Sharqiy Yevropada Rossiya hujumlarining oldini olish uchun tezkor qo’shin tuzishga kelishdi.
Alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning aytishicha, qo’shin tarkibida bir necha ming kishilik piyoda askarlar, dengiz floti, harbiy havo va maxsus kuchlar bo’ladi.
A’zo davlatlar qo’shin tarkibiga navbatma-navbat askar jo’natib turadi. Bu bo’linma qisqa vaqt ichida jangovar tayyorgarlik holatiga kelishga qodir bo’ladi, deydi Rasmussen.
Harbiy bazalar Sharqiy Yevropaning bir necha davlatida, xususan, Boltiq davlatlari, Polsha va Ruminiyada joylashishi va unda qurol-aslaha, axborot almashish, rejalash uchun mas’ul guruhlar o’rnashishi taxmin qilinmoqda.
Bu chora Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javob sifatida ko’riladi. Rasmussenning aytishicha, yangi qo’shin Rossiya hozirda NATOga a’zo biror sobiq sovet davlatiga hamla qilishining oldini olishga xizmat qiladi.
NATO rahbarining aytishicha, Yevropada xavfsizlik bilan bog’liq ahvol keskin o’zgardi va tezkor qo’shin tuzish zarur edi.
NATOning kelgusi sammiti 2016-yilda, Polshada o’tishi rejada. Bu qaror harbiy alyansning sharqiy a’zolarga sodiq ekaniga ishoradir, deydi Rasmussen.
NATO yetakchilari Iroqdagi ahvol yuzasidan ham yaqinroq ishlashga kelishib oldi. Rasmussen AQSh va boshqa davlatlarning harbiy hamda gumanitar yordamini olqishladi.
Alyans ayrim yordamchi funksiyalarni muvofiqlashitirishga ko’maklashadi. Lekin NATO Bag’doddan taklif bo’lmaguncha, Iroqning o’zida harbiy amaliyotga aralashmaydi. Shunda ham harbiy blok faqat mashqlar bilan madad berishi mumkin.