AQSh Prezidenti Donald Tramp 2-aprel kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan Oq uyda uchrashdi. Amerika poytaxtida alyansning 70 yilligi nishonlanadi. A’zo mamlakatlar kelajakdagi rejalar xususida gaplashadi.
70 yil davomida NATO AQSh mudofaa strategiyasining muhim qismi bo’lib kelgan. Biroq Tramp prezidentlikka kelishi bilan tashkilotni tanqid qildi, a’zo davlatlar yillik badalini yetarlicha to’lamayotganidan shikoyat qilib, ularni blok oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarishga undadi va buning uddasidan chiqqanini aytdi.
NATO bosh kotibi Oq uydagi uchrashuvda Trampning bu harakatlarini olqishladi.
“NATO kuchli ittifoq, kuchlarimiz tayyorgarligini oshirdik, terrorga qarshi umumiy kurashimizni kuchaytirdik”, - dedi Stoltenberg.
Tramp uning qat’iyati tufayli 28 ta a’zo mamlakatning aksariyati mudofaa uchun xarajatlarini oshirganini ta’kidladi.
“Davlatlar yalpi ichki mahsulotining ikki foizini mudofaaga ajratish mas’uliyatini o’z bo’yniga olgan. Ammo bundan ham ko’proq sarflash kerak, deb o’ylayman”, - dedi y.
“Amerika manfaatlari hamma narsadan ustun” degan shiorni targ’ib qilayotgan Tramp ba’zan “NATO AQShga kerakmi” degan savolni ham o’rtaga tashlab turadi.
“Tarixda ilk bor NATOga ishonadigan kuchli tamoyilli Amerika prezidentining yo’qligi alyans hozir yuzlashayotgan eng katta muammodir. Donald Tramp – NATOning eng katta tanqidchisi”, - deydi AQShning NATOdagi sobiq elchisi Nikolas Byurns.
Amerika va Yevropa rahbarlari Eron bilan imzolangan yadroviy bitim va Rossiya bilan kelishilgan strategik qurollarni nazorat qiluvchi shartnomaga turlicha qaraydi. Tramp har ikki bitimdan chiqdi.
Vashington Yevropadagi hamkorlarni Xitoydan taralayotgan xavfsizlikka tahdidlarga yumshoq munosabat bildirayotganlikda ham ayblaydi.
NATO rahbariyati yubiley tantanalarida Tramp tanqidlarini eshitmaslik uchun bu yilgi sammitni tashqi ishlar vazirlari darajasida o’tkazmoqda.
Facebook Forum