Amerika Qo’shma Shtatlarida koronavirus qora tanli aholi va boshqa rangli guruhlar vakillari bilan bir qatorda Navaxo hindu qabilasi a’zolarini ham boshqa irq vakillariga qaraganda qattiqroq nishonga olmoqda. Natijada Navaxo rezervatsiyasida yashovchi aholi o’rtasida tengsizlik yanada kuchaygan. Bir guruh navaxolik ayollar muhtoj qo’shnilariga yordam qo’lini cho’zmoqda.
Nyu-Meksiko shtatining Tu Grey Xilz yoki Ikki kulrang tepalik rezervatsiyasida insonparvarlik tashkiloti xodimlari koronavirusdan zarar ko’rgan oilalarga oziq-ovqat va o’tin yetkazmoqda. 7 kishidan iborat bir oila boshi yaqinda virusdan nobud bo’ldi.
"O’ta muhim bir davrda jamoamiz vakillariga yordam beryapmiz”, - deydi navaxolik Kim Smit.
Smit, asosan, hindu ayollardan iborat guruh rahbari. Ular karantin sabab uyda o’tirgan yoki oila a’zosi virusdan o’lgan xonadonlarga yordam bermoqda.
Hajmi bo’yicha G’arbiy Virjiniya shtati bilan teng rezervatsiyada atigi 13 ta kichik oziq-ovqat do’koni bor, aholining deyarli 50 foizi ishsiz.
“Oziq-ovqatni muhtojlarga yetkazmasak bo’lmaydi, ayniqsa virusga oson chalinadigan, immuniteti zaif qariyalarga”, - deydi ko’ngillilarga qo’shilgan Stenford universiteti talabasi Tayra Blekuoter.
Pandemiya sabab sog’liqni saqlash, uy-joy, asosiy xizmatlar bobida Navaxo xalqining Nyu-Meksiko, Yuta va Arizona shtatlari bilan oradagi keskin tafovutlari oshkor bo’ldi.
“Bungacha ham mavjud bo’lgan tengsizlik darajasi hamda aholi salomatligi uchun federal hukumatdan moliyaviy yordam yoq’ligi oydinlashdi”, - deydi Navaxo xalqi kengashidan delegat Amber Krotti.
Yaqinda Arizona shtatida yuridik oliygohni tamomlagan Kora So ismli navaxolik ayol koronavirus sabab may oyida buva va buvisidan ayrildi.
“O’zlarini kasal his qila boshlashdi, so’ng aprel oxirida ahvollari og’irlashdi, kasalxonada ikki haftacha yotishdi. Avval buvam, bir necha soatdan keyin esa buvim, bir kunda olamdan o’tishdi. Oxirgi marta ular bilan gaplashganimda bitiruv kunimga borishlarini aytishgan edi”, - deydi u.
Soning aytishicha, rezervatsiyada tibbiy infratuzilma yaxshi bo’lganida edi, buvasi ham, buvisi ham o’lmagan bo’lardi.
“Qo’llarimizni yuvish, soq’liqqa e’tibor berish bilan virusga qarshi kurashsak bo’ladi. Ko’p suyuqlik ichib turish kerak. Biroq Navaxo rezervatsiyasidagi ko’p odamlarda sharoit yo’q”, - deydi So.
Kris Bicher ilgari Navaxo uy-joy xo’jaligini boshqargan. Uning aytishicha, COVID-19 kasalligi Navaxo xalqiga byudjetdan hamisha pul kam ajratilishini ko’rsatdi.
“Eng katta muammolarimiz yangilik emas – sog’liqni saqlash bobidagi tengsizlik, iqtisodiy tengsizlik, ishsizlik, ta’lim bilan bog’liq muammolar. Bularning barchasi AQSh hukumati pulni yetarli darajada ajratmayotganidan”, - deydi u.
Bicherning aytishicha, hududda internet tezligi oshirilsa, ham mahalliy iqtisodiyotga, ham ta’lim tizimiga katta yordam bo’ladi.
“Hindu hududlarida hindu bolalarining ta’limiga sarmoya qilmasdan ularni tengsiz vaziyatga solib qo’yyapmiz. Hindu qabilalari ehtiyojlarini qondirish maqsadida byudjetdan pulni davomiy ravishda oshirib turish kerak”, - deydi u.
Davlatdan kattaroq yordam kelmaguncha muhtojlar ko’ngillilar qaramog’ida bo’lishga majbur.
“Maqsadimiz ham shu – yoshlar fidoiylik ko’rsatib, farovonligidan kechib, xalqimiz salomatligiga yordam berishga tayyor”, - deydi ko’ngilli Kim Smit.
Facebook Forum