Rossiyada shartli qamoq muddati qoidasini buzganlikda ayblanib, 2,5 yilga qamalgan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy yana bir ish bo’yicha bugun Moskva sudiga yetkazildi. Bu safar u tuhmatda ayblanmoqda.
Navalniy o’tgan yili Rossiyada konstitutsion islohotlarni targ’ib qiluvchi tashviqiy videoda ko’ringan odamlarni “pulga sotilgan qo’g’irchoqlar” va “xoinlar” deb atagan edi.
Konstitutsion tuzatishlar natijasida eski tartibga ko’ra so’nggi prezidentlik muddatini o’tayotgan Vladimir Putinda yana saylanish imkoni paydo bo’ldi.
Tergovchilarga ko’ra, Navalniyning izohlari videolavhada qatnashgan Ikkinchi jahon urushi faxriysining “sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgan”.
Muxolifatchining sudda aytishicha, urush faxriysi Ignat Artyomenkoning o’zi Navalniyni sudga bera olmasligini bilgan prokurorlar bu odamning “zaifligidan va aqliy qobiliyatsizligidan” foydalangan.
“Da’voni uning o’zi yoza olmasdi. Qayerdan chiqdi o’zi bu hujjatlar? Da’vogardan bir bayonot, keyin yana bir bayonot. Bundan barcha hujjatlar soxtalashtirilganini bilsa bo’ladi”, - dedi Navalniy.
Unga ko’ra, tergovchilar barcha hujjatlarni Artyomenko nomidan yozib, faxriydan qo’g’irchoq sifatida foydalangan.
Sud 44 yashar Navalniyni tuhmatda aybdor deb topsa, unga jarima yoki ijtimoiy xizmat belgilanishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi Rossiya hukumatini Navalniyni siyosiy sababga ko’ra ta’qibga olayotganlikda ayblarkan, bu mamlakatga sanksiya qo’yish ustida o’ylanmoqda. Shunday bo’lgan taqdirda, deydi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, uning mamlakati tashkilot bilan aloqalarni uzishga tayyor.
“Bunga tayyormiz. Iqtisodiyotimizga zarar keltiruvchi ayrim nozik sohalarga yana sanksiya qo’yishsa, albatta, aloqalarni uzamiz. O’zimizni global hayotdan chetlatishni istamasdik, ammo bunga tayyor turishimiz kerak. “Tinchlikni istasang, urushga hozir bo’l” deyishadi”, - deydi Lavrov.
Navalniy tarafdorlari namoyishlarida qatnashgan uch diplomat – Germaniya, Shvetsiya va Polsha vakillari o’tgan hafta Rossiyadan haydalishi ketidan Yevropa Ittifoqi bilan aloqalar yanada taranglashdi.
Facebook Forum