Ikki oy oldin betoblanib Germaniyada davolangan Aleksey Navalniy kechinmalari haqida o’rtoqlashdi.
“Og’riq sezganim yo’q. Shunchaki hayotim o’tib ketyapti. O’laman deb o’ylagandim”, - deydi rossiyalik muxolifatchi.
G’arb Navalniy asab agenti bilan zaharlanganini aytarkan, Kremlni Prezident Vladimir Putin tanqidchisini yo’q qilish harakatida ayblamoqda.
“Navalniy Rossiya siyosiy maydonida hokimiyat uchun kurashayotgan yagona haqiqiy siyosatchidir”, - deydi Karnegi markazi tahlilchisi Andrey Kolesnikov.
Navalniy faoliyatini 10 yil oldin davlat tizimlaridagi korrupsiya va isrofgarchiliklarga qarshi siyosiy bloglar tayyorlash bilan boshlagan.
Navalniy Putin yetakchiligidagi “Birlashgan Rossiya” siyosiy partiyasini “Firibgarlar va o’g’rilar partiyasi” deb atashi uning nufuzini oshirdi.
Blogger 2013-yilda Moskva merligi uchun o‘tgan saylovlarda ikkinchi o’rinni egallaganidan so’ng uning siyosiy qobiliyati Kreml diqqatini tortdi.
Navalniyning o’zi korrupsiyada ayblanib, bo’lajak saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum bo’ldi. Uning tarafdorlari ayblov ortida siyosiy sabab borligiga shubha qilmaydi.
Navalniy faoliyatini to’xtatmadi, internetda faol bo’ldi. Uning YouTube kanalidagi videolarini millionlab odamlar tomosha qildi. Davlat matbuotida tilga olinmasa-da, mamlakat bo’ylab tarafdorlari soni oshdi.
“Davlat matbuoti yillar davomida Aleksey Navalniy faoliyatiga ko’z yumib, uni siyosatchi sifatida tan olishdan bosh tortib keldi, siyosiy faoliyatiga to’siq qo’yishga harakat qildi. Biroq matbuotda yoritilayotgan hayot voqelikdan ajralib qolgan. Voqelik esa shundan iboratki, Aleksey Navalniy mamlakatdagi asosiy muxolifatdir”, - deydi uning bosh strategi Leonid Volkov.
Navalniy turli darajali amaldorlarning korrupsiyaga aloqadorligini tergov qilishdan to’xtamadi. Natijada ko’p dushman orttirdi.
Avgust oyida Sibirdan Moskvaga uchayotgan paytda uning samolyotda holsizlanishiga shu dushmanlarining sababchi ekani aytilmoqda.
Kreml uning zaharlanganiga doir dalillar olmaganini, jinoyat sodir etilganiga asos yo’qligini aytarkan, G’arb razvedkasi uni zaharlagan deya da’vo qilmoqda.
Navalniyning aytishicha, Germaniya va boshqa mamlakatlar mutaxassislari uning qonida “novichok” turkumidagi asab agentini topgani Kreml yoki rus xavfsizlik kuchlarining bu ishga bevosita aloqadorligini isbotlamoqda.
“Bu ishga Putin buyrug’i bilan FSB xodimlari qo’l urgan deb o’ylayman”, - deydi Navalniy.
Navalniy hali ham Germaniyada ekan, Rossiyaga qaytish niyatini bildirmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, shu paytgacha Navalniydan shubhalangan rossiyaliklarning ba’zilari uning tarafdorlariga aylanishi mumkin.
“Uning Rossiyaga qaytishi odamlarning uyushishiga turtki berishi mumkin. U haqida ikkilangan yoki uni jiddiy qabul qilmaganlar Navalniy kurashni oxirigacha yetkazmoqchi bo’lgan o’ta mard inson ekanini endi nihoyat anglab yetadi”, - deydi “Exo Moskvi” muxolif radiostansiyasi siyosiy sharhlovchisi Anton Orex.
Navalniyga qarshi oldin ham ko’p hujumlar bo’lgan, hech kim jazo tortmagan.
Siyosatchi faoliyatini davom ettirishga shay ekan, uning bundan keyingi xavfsizligi va davlat bosimiga doir savollar muxolifatni qiynamoqda.
“Bu endi yangi Navalniy. G’arb bundan buyon uning muammolariga, yurish-turishiga kattaroq e’tibor beradi”, - deydi Andrey Kolesnikov.
Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, Navalniy bundan keyin yolg’iz muxolifat yetakchisi emas, balki Putinning asosiy raqibi sifatida ko’riladi.
Facebook Forum