Bugun Moskvada muxolifat yetakchisi, Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy ustidan sud bo’lib o’tdi. Prokuror faolni shartli qamoq jazosi qoidasini buzganlikda ayblab, suddan unga haqiqiy qamoq jazosi belgilashni so’radi.
Sudda ko’rsatma bergan Navalniyning aytishicha, u Germaniyada muolaja olgani uchun Jazoni o’tash federal xizmatiga sud belgilagan muddatda uchray olmagan, ammo aniq manzili haqida ma’lumot yuborgan.
Qo’liga kishan solingan Navalniy Moskva shahar sudi zaliga tabassum bilan kirib keldi. Prokuror uni 3,5 yilga qamashni so’ragan edi, biroq uning uy qamog'ida o'tirgan muddati hisobga olinib, sud unga 2 yil 8 oylik qamoq jazosini belgiladi.
G’arb davlatlari mahkama ishi ortida siyosiy sabablar borligini aytarkan, Kremldan Navalniyni ozod etishni talab qilmoqda. Faolning o’zi ham sud jarayonini siyosiy tomosha deb, sudyadan uni ozod etishni so’radi.
Navalniy o’tgan yil avgustida samolyotda holsizlanib, hushidan ketdi, so’ng muolaja uchun Germaniyaga yetkazildi. G’arb mutaxassislari uning kimyoviy modda bilan zaharlanganini, bu ishda Kremlning qo’li borligini da’vo qilmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning bugun aytishicha, Navalniy zaharlanganini da’vo qilayotgan hech bir mamlakat shu paytgacha Rossiyaga tibbiy ko’rik natijalarini, uning zaharlanganiga doir dalillarni taqdim etgani yo’q.
Navalniyning korrupsiya holatlarini fosh etish bilan shug’ullanuvchi jamg’armasi AQSh Prezidenti Jo Baydenga murojaat qilib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin odamlarga qarshi sanksiya qo’llashga chaqirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, jamg’arma bunday harakatlari bilan “xorijiy agent” ekanini amalda ko’rsatmoqda.
Navalniy safdoshlaridan biri, muxolifatchining mintaqaviy shtablari tarmog’i rahbari Leonid Volkov cheklov choralari Putin atrofidagi odamlar o’rtasida ichki ziddiyatlarga olib kelishini taxmin qilmoqda.
“Kremldagi siyosiy elita bir-birining go'shtini yesa, bundan faqat bizga foyda», - deydi u.
Navalniy Germaniyadan qaytishi bilan, 17-yanvar kuni hibsga olindi. Shundan keyin mamlakat bo'ylab namoyishlar o'tkazildi, minglab odam hibsga olindi.
Facebook Forum