Qozog’istondagi tartibsizliklar va zo’ravonliklar paytida jamoatchilikka ko’rinmagan va buning natijasida ko’plab mish-mishlarga sabab bo’lgan sobiq prezident Nursulton Nazarboyev bugun xalqqa televideniye orqali murojaat qilib, beqaror kunlarda mamlakatda bo’lganini aytdi.
"Menga qaratilgan ko’plab savollarga javob bergan va matbuotdagi ayrim xabarlarga munosabat bildirgan holda shuni aytmoqchimanki, 2019-yilda barcha hokimiyatni Qosim-Jo’mart To’qayevga topshirganimdan beri nafaqaxo’rman. Nafaqamni Qozog’iston poytaxtida o’tkazyapman, shaharni tark etganim yo’q”, - dedi Nazarboyev.
Tartibsizliklar ketidan sobiq rahbarning bir necha qarindoshi davlat organlari va kompaniyalaridagi yuqori mansabli lavozimlarini tark etishgan. Nazarboyev elita orasidagi nifoq haqidagi gaplarni inkor etdi.
"Hokimiyat butunlay Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev qo’lida. U Xavfsizlik kengashining raisi hamdir. Tez orada “Nur-Otan” partiyasiga ham raislikka saylanadi. Elita orasida qech qanday mojaro yoki to’qnashuv yo’q. Bunday mish-mishlar asossiz”, - dedi Nazarboyev.
To’qayevning o’zi bir necha kun burun birinchi prezidentni haddan ziyod boylar sinfini yaratishga aloqadorlikda aybladi. Unga ko’ra, endi bu boylikni xalq bilan baham ko’rish vaqti keldi.
Mahalliy matbuotga ko’ra, Nazarboyevning to’ng’ich kuyovi Qayrat Sharipboyev 15-yanvar kuni “Qozoqgaz” kompaniyasi boshqaruvi raisligidan olingan.
So’nggi 8 yildan beri “Otamakon” milliy tadbirkorlar palatasini boshqarib kelgan va Qozog’istonning eng muvaffaqiyatli tadbirkori deb kelingan elboshining o’rtancha kuyovi Timur Kulibayev 17-yanvar kuni lavozimidan ketgan.
“KazTransOyl” neft-transport kompaniyasi boshqaruvini to’ydan keyin qo’lga olgan kichik kuyovi Dimash Dosanov ham 15-yanvar kuni istefoga chiqdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, mamalkatdagi tartibsizliklar natijasida 225 odam, jumladan xavfsizlik kuchlarining 19 a’zosi o’lgan.
Facebook Forum