Yadroviy xavfsizlik bo'yicha xalqaro sammitga kelgan Qozog'iston rahbari fursatdan foydalanib Vashinton siyosiy doiralari va Amerika prezidenti bilan muloqot qildi.
31-mart va 1-aprel kunlari AQSh poytaxtida o'tayotgan anjumanda yadroviy xavfsizlik masalalari muhokamada. 50 dan oshiq davlat namoyandalari qatnashmoqda. Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlari orasidan Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev kelgan. Bu bejiz emas, chunki uning davlati Markaziy Osiyoni yadroviy materiallar va chiqindilardan xoli hudud deb belgilanishida yetakchilik qilgan va bu sohada hamon lider, deydi Amerika rasmiylari.
30-mart kuni AQSh poytaxtiga yetib kelgan Nazarboyev 31-mart kuni anjumandan tashqari Vashingtondagi nufuzli maskan, siyosiy tahlil markazi - Xalqaro Tinchlik bo'yicha Karnegi Jamg'armasida so'zladi.
Nazarboyev, avvalo, bu dargohni maqtadi. Karnegi jamg'armasi xalqaro aloqalar ravnaqi yo'lida behisob hissa qo'shib kelayotgan tashkilot, dedi u. Qizig'i, bu markaz yaqinda chiqargan tahlilnomada Qozog'iston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari repressiv boshqaruv hukmron, ichki vaziyat xavotirli, hozirgi avtoritar rahbarlardan keyin nima bo'lishi mavhum, degan xulosalar qilinadi.
Nazarboyev gapni yangi davlat va jamiyat qurish naqadar qiyin ekanidan boshladi.
"Chorak asr oldin hamma narsani noldan boshlaganmiz. Rejali boshqaruv tizimidan bozor iqtisodiyotiga, totalitarizmdan demokratiya tomon qadam tashlaganmiz. O'tgan davr mobaynida davlatchilikni mustahkamlash, zamonaviy bozor iqtisodiyoti barpo etish va jamiyatni rivojlantirish uchun qattiq mehnat qildik",- deydi Qoozg'iston rahbari.
Nazarboyev deydiki, u tanishtirgan "100 konkret qadam" tashabbusi mamlakatni muvozanatli siyosiy tuzum, fuqaro jamiyati va iqtisodiy jihatdan kuchli sistemaga aylantiradi.
Atom qurollari xavfli qo'llarga tushib qolmasligi, yadroviy materiallar yoyilmasligi uchun xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib ishlashda davom etishi kerak, Qozog'iston bu borada oldingi o'rinlarda turib xizmat qiladi, deydi Nazarboyev.
Ostona AQSh va unga hamkor davlatlarning Eron bilan yadroviy muzokaralari va o'tgan yili erishilgan murosani quvvatlaydi. Kelishuvga ko'ra, islomiy respublika uranni boyitish ishlarini to'xtatib, atom loyihasini xalqaro inspektorlarga ochib beradi va buning evaziga unga qo'yilgan sanksiyalar qisman bekor qilinadi.
Ommaviy qirg'in qurollariga yo'q deyish kerak, ularning yangilarini yaratish, sinab ko'rishni bas qilib, BMT doirasida real qarorlar qabul qilish payti yetdi, deydi Nazarboyev.
Global anti-yadroviy harakat tuzish kerak, deya taklif qilmoqda Qozog'iston rahbari.
Karnegi jamg'armasidagi nutqida u zamonaviy tahdid manbalariga to'xtalib, ularning global miqyosda ekani hammamizni birdek dahshatga solishi kerak, dedi. Bugun hech kim o'zini xavfsiz his qilmayapti, dedi prezident.
Xalqaro bitimlarga ko'z yumilib, atom qurollari va materiallari yoyilmasligiga qarshi hujjatlarga amal qilinmayapti, deydi Nazarboyev, buning uchun hech kim javobgarlikka ham tutilmayapti.
Dunyo yadroviy terrorizm tahdidi bilan yuzlashmoqda lekin unga qarshi nima qila olamiz? Qozog'iston prezidenti shunday savolni o'rtaga tashladi. Uningcha, xalqaro hamjamiyatda siyosiy iroda yetishmayapti.
Nazarboyev iqtisodiy qiyinchiliklar, xususan mamlakati oldidagi moliyaviy muammolar haqida ham gapirdi. Bugungi dunyoda hamma, xohlasa-xohlamasa, bir-biriga qaram, deydi u. Shu bois iqtisodiy kelajakni sakkiz yoki 20 davlat emas, dunyodagi barcha davlatlar o'zaro kelishgan holda hal etishi kerak. Inqirozlarga qarshi global reja bo'lishi kerak, deydi Qozog'iston rahbari.
Respublika 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashida o'z o'rniga ega bo'lmoqchi. Ikki yillik a'zolik Ostonaga o'z maqsadlarini eng oliy organda olg'a surish va tinchlik bilan bog'liq mavzularda bevosita ovoz berish imkonini beradi.
Qozog'iston hozirda Rossiya boshliq Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirgan. AQSh, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Eron va Turkiya manfaatlari to'qnashadigan mintaqada integratsiya zamon talabi, deydi Nazarboyev.
Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi SSSRni qayta tiklash harakati emas, iqtisodiy birdamlik uchun zarur vositadir, deydi Nazarboyev, bu organga shubha bilan qarovchi Amerika siyosat ahliga qarata. Tijorat, kirib-chiqish va boshqa chegaraviy muammolarni hal etish yo'li, deydi u.
Karnegi jamg'armasidagi nutqidan keyin Oq uyga boshqa mehmonlar qatorida ziyofatga taklif qilingan Nazarboyev Prezident Barak Obama bilan muloqotida va xalqaro anjuman doirasida bir narsaga alohida urg'u berayotganini aytadi: xalqaro tinchlik va barqarorlik.
Matbuot xodimlari cheklangan tarzda o'tkazilgan davra suhbatida ekspertlar va keksa arboblardan tushgan savollarga Nazarboyev yuqoridagi qarashlarini aks ettirgan holda javob berdi.
Yaqinda parlament saylovlarini boshdan kechirgan mamlakat rahbari fikricha, demokratiya - kelajak maqsad, hozirgi yo'lning oxiri. Qozog'iston demokratiya bobida nimaga qodir ekanini ko'rsatishi uchun vaqt kerak, deydi Nazarboyev.