Breaking News

Basketbol jamoasi egasi irqiy kamsituvchi so'zlarni aytgani bois bir umrga ligadan chetlatildi


"Los-Anjeles Klippers" basketbol jamoasi egasi Donald Sterling (o'ngda)
"Los-Anjeles Klippers" basketbol jamoasi egasi Donald Sterling (o'ngda)
AQSh Milliy basketbol assotsiatsiyasiga qarashli “Los-Anejeles Klippers” jamoasi xo’jayini Donald Sterling irqiy haqoratomuz so’zlarni aytgani uchun bir umrga liga o’yinlari o’tkaziladigan hududlarga kirish huquqidan mahrum qilindi. Uning ovozi yozib olingan audiosuhbatda Sterling qora tanli odamlarni kamsituvchi so’zlarni tilga olgan.

29-aprel kuni bo’lib o’tgan matbuot yig’inida Milliy basketbol assotsiatsiyasi komissari Adam Silver Sterlingning bir umrga o’yinlarda ishtirok etish va liga bilan bog’liq biznes faoliyatini yuritish huquqidan mahrum qilinganini ma’lum qildi. Sterling, shuningek, 2.5 million dollar miqdorida jarimaga ham tortilgan. Bu liga doirasida tayinlanishi mumkin bo'lgan eng katta jarima miqdoridir.

“Sterling tilga olgan so’zlar o’ta zararli va haqoratomuz”, - dedi Adam Silver.

Sterling do’stlaridan biriga qora odamlar bilan suratga tushmaslikni va bunday odamlarni o’zi bilan birga o’yinlarga olib kelmaslikni aytgani ommaga ma’lum bo’lgach, “Klippers” jamoasining egasiga qarshi norozilik kampaniyalari boshlandi.

Sterling ilgari ham irqiy kamsitish bilan bog'liq xatti-harakatlarni sodir etganlikda ayblangan. 2009-yil u o’z tasarrufidagi turar joylarga qora tanli va ispanzabon ijarachilarni qo’ymagani uchun da’vogarlarga uch million dollarga yaqin tovon puli to’lashga majbur bo’lgan edi.

Sterling “Klippers” basketbol jamoasini 1981-yil 12 million dollarga sotib olgan. “Forbes” jurnali bahosiga ko’ra, jamoaning bugungi qiymati 575 million dollarga teng.

AQSh prezidenti Barak Obama Sterling aytgan gaplarni keskin qoralab, “o’ta haqoratomuz irqchi bayonot” deb atadi.

Ayni paytda, “Klippers”ni qo’llab-quvvatlovchi ko’plab homiylar hamda reklama beruvchilar jamoa bilan ishlashni to’xtatganini ma’lum qildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG