Breaking News

Netanyaxu qayta saylansa, arab yerlarini anneksiya qilishga va'da berdi


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 17-sentabrda bo’ladigan parlament saylovlarida g’alaba qozonsa, Iordan daryosining g’arbiy sohilida falastinliklarga tegishli hududlarning uchdan birini Isroilga qo’shib olishini aytdi.

G’arbiy sohilning yahudiy aholisi uning bu bayonotini olqishlar bilan kutib oldi. Netanyaxuning rejasi falastinliklar tanqidiga uchradi, xalqaro hamjamiyat esa bunday qarorning noqonuniy ekanini aytmoqda.

Iordan vodiysining yahudiy aholisi hududning Isroil boshqaruviga o’tish ehtimolidan xursand.

“Tuni bilan uxlamadim. Bu yerda 1983-yildan beri yashayman. Ko’chib kelganimizda 23 yoshda edim”, - deydi Iordan vodiysi mintaqaviy kengashi hokimi David Elxayni.

Netanyaxu bosh vazirlikka qayta saylansa, Iordan vodiysi va O’lik dengizning shimoliy qismini Isroilga qo’shib olishga va’da berdi. Biroq Isroil rahbari avval AQSh Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq tinchlik rejasi e’lon qilinishini kutmoqchi.

Vodiyda yashovchi ba’zi falastinliklar nazarida, hudud allaqachon Isroilga qo’shib olingan.

“Bu yerda yahudiylarning bir nechta posyolkasi bor. Ular bizni hududdan siqib chiqarmoqchi”, - deydi arablardan biri.

Isroilda tinchlik uchun tashviqot olib borayotgan bir tashkilot faolining aytishicha, arablarning xavotirida jon bor, chunki bu holatni hozir falastinliklar bo’lajak davlatining poytaxti deb biluvchi Sharqiy Quddusda ham ko’rish mumkin.

“Hukumatimiz uylar turgan joylarni tekislamoqda. Har yili Sharqiy Quddusda 200 ga yaqin uy buzilmoqda. Tramp prezidentlikka kelganidan beri vaziyat yomonlashdi. Isroilning hozirgi siyosati shuki, hukumat falastinliklarni Quddusda qoldirgisi yo’q, faqat yerlarini olib qo’ymoqchi, xolos”, - deydi Xagit Ofran.

Tramp eng boshidan Netanyaxuni qo’llab-quvvatlab kelgan. Ayrim falastinliklar taxminicha, AQSh rahbari bosh vazirning ikki hududni qo’shib olish rejasini tasdiqlab bo’lgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi va arab davlatlari anneksiya rejasini noqonuniy deb, mintaqada tinchlikni o’rnatish umidlarini so’ndiradi, deydi.

“Buning oldini olish uchun barchamiz bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Arab Ligasi, Yevropa Ittifoqi, Islomiy hamkorlik tashkiloti, butun jahon hamjamiyati. Bu xalqaro qonunchilikka zid harakatdir. Bu haqda baralla aytishimiz kerak. Qonun buzilsa, chora ko’riladi”, - deydi Lyuksemburg Tashqi ishlar vaziri Jan Asselborn.

Netanyaxuning rejasi Falastin davlatini yaratish umidlarini ham chippakka chiqaradi. Muxtoriyat rahbarlari shu hafta boshlanayotgan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Netanyaxu tartibga chaqirilishiga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG