Breaking News

Netanyaxu Isroilda hukumat tuzishga harakat qiladi


Isroil prezidenti va bosh vaziri
Isroil prezidenti va bosh vaziri

Isroilda o’tgan hafta o’tkazilgan murosasiz saylovlarda deyarli teng ovoz to’plagan ikki partiya rahbarlari mamlakat prezidenti bilan uchrashdi. Reuven Rivlin saylov natijalariga ko’ra parlamentda 32 ta o’rinni qo’lga kiritgan “Likud” partiyasi raisi, amaldagi Bosh vazir Benyamin Netanyaxudan koalitsion hukumat tuzishni so’radi.

Isroil prezidenti Netanyaxu va saylovda uning partiyasidan sal ko’proq ovoz olgan “Ko’k va oq” partiyasining raisi Benni Gansga umumiy hukumat tuzishni va bosh vazirlikni baham ko’rishni taklif qildi, biroq Gans taaklifni rad etdi.

“Ikki g’olib partiya birlashmaguncha hukumat tuzilmasligini anglagan holda prezidentning taklifini qabul qilaman”, - dedi Netanyaxu.

Ikki arbob prezident vositachiligida ikki bor muzokara qilganiga qaramay, Netanyaxu va Gans umumiy hukumatga kelisha olmadi. Har biri bosh vazir bo’lishni istadi. Gans huquqiy muammolarga yuz tutayotgan Netanyaxu boshliq hukumatga kirmasligini bildirdi.

Isroil bosh prokurori bosh vazirni qalloblik, poraxo’rlik va ishonchni buzish kabi ayblovlar bilan tergov qilishni tavsiya qildi. Netanyaxu aybsiz ekanini aytmoqda.

Agar hukumat olti hafta ichida tuzilmasa, Prezident Rivlin bu vazifani Bensga topshiradi. Shunda ham hukumat shakllanmasa, parlamentdagi ko’pchilik uchinchi odamni bosh vazirlikka tayinlashi mumkin. Agar qonunchilar bunga kelisha olmasa, yangi saylovlar o’tkaziladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG