Koronavirusdan qochib, uyda o’tirgan odamlar yangicha hayotga ko’nikishga harakat qilmoqda.
Ko’chaga chiqqan bilan restoranlar, muzeylar, kinoteatrlar, sportzallar yopiq.
“Oziq-ovqat uchun do’konga chiqib, faqat kerakli narsalarni olishga harakat qilyapmiz. Boshqalarga ham qolishi kerak”, - deydi poytaxtlik Debora Refan.
“14 kunlik zaxiram bor. Kasal bo’lib qolsam, o’zimni o’zim eplashimga to’g’ri keladi”, - deydi Dennos Robisho.
Genri va Jeyson Kronik spirtli ichimliklarni ham g’amlamoqda.
“Karantinga tushib qolsak zarur bo’ladi”, - deydi Genri.
“Pensilvaniyada hamma aroq do’konlari yopilgan ekan, bizdagilar ochiqligidan foydalanib, choramizni ko’ryapmiz”, - deydi Jeyson.
Bunday do’konlarning bozori chaqqon.
“Odamlar uydan ishlayapti. Ishni ko’tarinki ruhda o’tkazish uchun, xursandchilik uchun alkogol olishyapti”, - deydi spirtli ichimliklar do’koni egasi Malkit Singx.
Koronavirus oila bilan ko’proq vaqt o’tkazishga imkon beryapti.
“Ochiq havoda ko’p bo’lishga harakat qilyapmiz. Uyda dimiqib o’tirish jonga tegdi”, - deydi vashingtonlik En Xug.
“Bu jonivor [ilon] ham bahorda toza havo bilan nafas olsin deb chiqdim”, - deydi Chak Dyuses.
Sofiya Panchal maktabda o’qish yo’qligidan foydalanib, pishiriqlar tayyorlayapti, do’stlari bilan Facetime orqali gaplashyapti, singlisi bilan o’ynayapti.
“Oila bilan ko’p vaqt o’tkazyapmiz, velosiped haydayapman, keks qildik, xursandman”, - deydi u.
Sinovli kunlarga qaramay, yoshu qari bo’sh vaqtdan unumli foydalanishga harakat qilyapti.
Facebook Forum