Breaking News

Nyu-Yorkning osmono’par binolariga yaqindan nazar


G’arbiy yarimshardagi eng baland imorat Nyu-Yorkda, Ist River daryosi bo’yida joylashgan. Balandligi 264 metr bu bino taniqli arxitektor Frenk Geri ijodi namunasi.

Amerikaning osmono’par binolari yana bittaga ko’paydi. 76-qavatli bu imorat eng balandlardan. Bu yerda yashash uchun ham bir dunyo pul kerak.

Pentxausni ma’qul ko’rsangiz, oyiga 65 ming dollar to’lash kifoya. Qolgan kvartiralar ijarasi oyiga 3 mingdan 12 ming dollargacha. Shunga qaramay bu imoratda yashashni istaganlar ko’p.

“Narxi ancha baland bo’lgan binolar bu hududda hech qachon ko’p bo’lmagan. Ularning aksariyati kondominium, ya’ni xususiy mulk. Uy sotib olmay, ijaraga joy qidirgan odamlar esa ko’p. Ular uchun bu bino juda yaxshi imkoniyat,” - deydi ko'chmas mulk bo'yicha mutaxassis Klifford Finn.

Frenk Geri va u yaratgan yana yana bir imorat - Las Vegasdagi Klivlend kasalxonasi.
Frenk Geri va u yaratgan yana yana bir imorat - Las Vegasdagi Klivlend kasalxonasi.
“Geri yaratgan Nyu-York” nomini olgan bu imorat loyihasi ustida ishlayotganida Frenk Geri 17-asrda Italiyada ijod qilgan me’mor Jan Lorenzo Berninining “Muqaddas Tereza jazavasi” deb nomlangan durdona asaridan ilhom olgan.

Yangi binodagi derazalarni Geri Nyu-Yorkning qadimgi uylari derazalariga o’xshatib ishladi.

“Derazadan yana yarim metrcha nariroq yursangiz, xuddi bino tashqarisiga chiqqandek bo’lasiz. Atrofingizni ko’rasiz. 40, 50 yoki 60-qavatdan ajoyib manzara ochiladi. Nyu-Yorkda bunday manzara hech qayerda yo’q,” - deydi Geri.

Binoning eng yuqori qavatida uchta pentxaus qurilmoqda. Bu yerdan Ozodlik haykali, Jahon Savdo markazining yangi binosi, Empayr Steyt Bilding hamda shaharning go’zal ko’priklarini tomosha qilish mumkin.

Imoratning nafaqat tashqi, balki ichki dizaynini ham Gerining o’zi yaratgan, deydi Finn.

Katta va keng xonalar, zamonaviy oshxonalar. Binoda shuningdek fitness markazi, bilyardxona, golf o’ynash uchun joy bor. Hatto kinoteatr va basseynlar…

Xo’sh, bu yerdagi kvartiralarni ijaraga olayotganlar kim?

“Turli mamlakatlardan kelgan qirollarning oila a’zolari ijarada turishdi bu yerda. Xorijdan Nyu-Yorkka o’qishga kelgan talabalar. O’z sohasida muvaffaqiyatga erishgan odamlar… Moliya sohasida ishlaydiganlar,” - deydi Finn

New York Times gazetasi bu bahaybat po’lat binoni “so’nggi 46 yilda Nyu-York shahrida qurilgan eng go’zal osmono’par imorat” deya atadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG