Breaking News

Nyu-York shahrida 100 dan ziyod islomiy markazlar bor, yangisini qurish atrofida bahslar


Nyu-York shahrida 100 dan ziyod islomiy markazlar bor, yangisini qurish atrofida bahslar
Nyu-York shahrida 100 dan ziyod islomiy markazlar bor, yangisini qurish atrofida bahslar

Nyu-York shahri markazi Manxettenda bahs va namoyishlar tinmayapti. Shaharda duv-duv gap - Jahon savdo markazi, mashhur egizak binolar portlatilgan yerdan sal narida 12 qavatli islomiy markaz qurilar ekan. Bunga qarshilar nazarida islomiy markaz qurish 11 sentyabr qurbonlari xotirasini toptash bilan barobar. Loyiha tarafdorlari erkin diyorda yashaymiz, haqqimiz bor, deydi. Xo'sh o'zi Nyu Yorkda nechta masjid bor?

Nyu-York shahrining Steytn Aylend qismida 2 mingdan ziyod albaniyalik musulmon oilalar istiqomat qiladi. Juma namozi paytida masjidda oyoq qo’ygani joy topa olmaysiz, deydi imom Tohir Kukaj.

“Safimiz borgan-sari kengayib bormoqda. Kundan-kunga oramizga nafaqat albaniyalik balki, boshqa davlatlardan kelgan musulmonlar qo’shilmoqda. Oldin boshqa ko’chada kichik binomiz bor edi. U yerga sig’maganimiz tufayli katta masjid qurdik”.

Imomning aytishicha, masjid jamoatchilik ishlarida ham faol. Muhtojlarga hayriya qilish, qariyalarning holidan xabar olishda mahalliy cherkov va sinagona a’zolari bilan birgalikda ish ko’rar edik, deyd u.

Nyu-York shahrida 100 dan ortiq turli xil, kattayu kichik masjid bor. Shaharning Manxetten tumanidagi islomiy markazdan tortib, Steytn Aylendda misrlik muhojirlar masjidga aylantirgan kichik imoratgacha… Bari mahalliy qonunlarga muvofiq qurilgan, deydi Imom Ali Abdushukur Muhammad.

“Inshoolloh, biz to’g’ri, qonuniy yo’ldan borib, yaxshi amallarni bajarsak, kelajakda AQSh qonunlariga muvofiq yana ham ko’p masjidlar quramiz”.

Shaharning Garlem qismidagi bu masjid, nafaqat diniy idora balki, aholiga ijtimoiy xizmat ko’rsatadigan markaz vazifasini ham o’taydi. Ichida maktab ham bor. Bu bino o’rnida ilgari kazino joylashgan edi. 1965-yilda uni masjidga aylantirishgan.

Jerilin Dods Nyu-Yorkdagi Sara Lorens kolleji dekani. U “Nyu-York shahar masjidlari” nomli kitobning muallifi hamdir. 1960-yillardan keyin yevropalik bo’lmagan muhojirlar kvota-ulushi oshirilgach, AQShning musulmon jamoalarida keskin o’sish kuzatildi deydi u.

Nyu-York shahri markazida qurilishi rejalangan islom markazi artofida bahsu munozaraning oxiri ko’rinmaydi. Tortishuv butun mamlakatni qamrab olgan.

“Bilasizmi, bu aslida har bir millat madaniyatiga, turmush tarziga bog’liq. Biz nyu-yorkliklar binolarga ortiqcha e’tibor beramiz, ularga har xil ramziy ma’no berib, ko’klarga ko’taramiz. Boshqa joylarda bunday emas”.

Avvaliga odamlar qulatilgan egizak binolarni deb oh-voh qilgan bo’lsa, endi islomiy markaz dardida kuyib-pishmoqda. Aslida odam odamni qadrlashi kerak. Gap qaysi imorat haqida ketishidan qat’iy nazar, muhimi undagi odamlar, ularning o’y-niyatlari, deydi Jerilin Dods.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG