Nyu-York metrosining 11-sentabr xurujida vayron bo’lgan stansiyasi 17 yildan so’ng qayta ochildi. Shahar ma’muriyati Jahon savdo markazi ostida joylashgan “Kortlendt ko’chasi” metro bekatini ta’mirlash uchun salkam 182 million dollar sarfladi. Bekatning shifti qayta qurildi, relslarni ham yangilashga to’g’ri keldi.
Stansiyada to’xtagan ilk poyezd katta olqishlar bilan qarshilandi.
“17 yildan so’ng poyezd yana shu yerda to’xtadi. Ajoyib!” - deydi nyu-yorklik Fideo Molina.
Ta’mirdan chiqqan bekat devorlarida marmardan ishlangan mozaikani ko’rish mumkin. Rassom Enn Xamiltonning bu ishida AQSh Mustaqillik deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari bo’yicha umumbashariy deklaratsiyasidan iqtibos keltiriladi.
“So’nggi uch yilda qattiq mehnat qilib, Nyu-Yorkning qayg’uli, maxsus joyidagi bu bekatga qayta jon kiritdik. Uni ajoyib tarzda bezadik. 11-sentabr voqealarida nobud bo’lgan odamlar xotirasiga bag’ishlanadi”, - deydi metro idorasi rasmiysi Endi Bayford.
Ta’mir ishlari xurujdan 14 yil o’tib boshlangan, chunki avval vayron bo’lgan hududni tiklash kerak edi. Obyekt Amerika tarixidagi eng yirik terror xurujining 17 yilligiga yaqin topshirildi.
O’sha paytda 10 yoshda bo’lgan Uolter Matuzaning marhum otasi egizak osmono’par binolarning birida ishlar edi.
“Jahon savdo markazi yozuvini suratga tushirdimu, meni hayajon bosdi”, - deydi u.
Nyu-York transport boshqarmasi rasmiylariga ko’ra, “Kortlendt ko’chasi” bekati shunchaki yangi metro stansiyasi emas, u nyu-yorkliklarning matonati ramzi hamdir.
Facebook Forum