Breaking News

Nyu-York ikkinchi Gollivudga aylanmoqda


Steyner studiyasi, Bruklin, Nyu-York
Steyner studiyasi, Bruklin, Nyu-York

Gollivud AQSh kinosanoatining yuragi bo'lgani bilan so'nggi paytlarda Nyu-York shahrida (Bruklin rayoni) ko'plab teleseriallar ishlanmoqda. Ko'ngilochar dasturlar yiliga 8,7 milliard dollar foyda keltiradi. To'rt yil oldin daromad 21 foizga kam edi. Studiyalar kengaymoqda, ish o'rinlari ko'paymoqda.

Steyner studiyasi AQShning sharqiy sohillari tomonida joylashgan eng yirik kino va televizion kompaniya. Nyu-Yorkda televideniye va kabel tarmoqlari uchun 49 ta serial ishlansa, aksariyati Steyner studiyasiga qarashli 16 ta pavilyonda suratga olinadi.

"Moviy qon", "Imperiya", "Xonim Vazira" seriallari shular jumlasidan.

“Televideniye seriallarning ko'payishiga sabab bo'lmoqda. Kabel tarmoqlari, internet platformalar yangi senariylar talab qilayapti. Qiziqish katta. Natijada ko'plab televizion loyihalar ishlanmoqda”, - deydi Nyu-York shahar hokimiyati Matbuot bo'limi rahbari Luis Kastro.

55 yoshli Dag Steyner Nyu-Yorkda bu ishga astoydil kirishgan. U shahar hokimiyatidan eski harbiy kemasozlik zavodi maydonini ijaraga olib, o'z studiyasiga asos soldi. Hozir 28000 kvadrat metr joyda pavilyonlar joylashgan. Yana shuncha maydon ijaraga olinib, u yerda ham studiyalar quriladi. Shahar va shtat ma'muriyati bu ishda moliyaviy yordam bermoqda.

“Kino va televideniye bilan shug'ullanadigan kompaniyalar uchun soliq imtiyozlari olishga muvaffaq bo'ldik. Bu yerda infratuzilma, ijodkorlar guruhi bor. Ko'p ish o'rinlari yaratilmoqda. Ba'zilar shu yerning o'zida ishlaydi, boshqalar esa buyurtma asosida. Shu kunga qadar 85 ming odam ish bilan ta'minlandi. Daromad 8,5 milliard dollar atrofida", - deydi tadbirkor.

Steyner ishni to'g'ri tashkil qila olsa, bu sohadagi mutaxassislarni tayyorlashda shahar ma'muriyati yordam beradi. Bundan nyu-yorkliklarga faqat foyda, deydi Kastro.

“Odamlar ishli bo'ladi. Yaxshi maoshli, o'rta sinf nyu-yorkliklar paydo bo'ladi. Senaristga yordamchilar, tasvirchilarga assistentlar, postanovkachi rassomlar kerak. Xullas, bu yerdagi ishlab chiqarish tufayli Nyu-York shahar kino va televizion sanoatida ko'plab imkoniyatlar paydo bo'ladi”, - deydi ma'mur.

Nyu-Yorkdagi harbiy kemasozlilk zavodi Tomas Jefferson prezidentligi paytida, 1800-yillarda qurilgan edi. Zavodda ko'plab ajoyib kemalar ishlangan, endi esa bu joyda qad ko'targan studiyada ajoyib filmlar ishlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG