Breaking News

Nyu-York sudi imomni terrorizmda aybdor deb topdi


Sud jarayonini tasvirlovchi surat
Sud jarayonini tasvirlovchi surat
Nyu-York shahrida federal sud radikal islomiy qarashlarga ega londonlik ulamo Abu Hamzani terrorchilikda aybdor deb topdi.
Abu Hamza ishi-Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:31 0:00
Yuklab oling

Misrda tug’ilganida Mustafo Kamol Mustafo ismini olgan Abu Hamza ustidan sud bir oy davom etdi. Hukmni sakkiz erkak va to’rt ayoldan iborat hakamlar hay’ati chiqardi. Ular terrorizm bilan bog’liq 11 aybni asosli deb topdi.

Ularga ko'ra, Hamza AQShda jihodchilar lagerini tuzish uchun ikki kishini Amerikaga, yana bir necha odamni Al-Qoidaga ko’maklashish uchun Afg’onistonga yuborgan, Yamanda odamlarni garovga olganlarni uyali telefon bilan ta’minlab, yordam bergan.

Qutqarish operatsiyasi davomida garovga olinganlarning to’rt nafari halok bo’lgan. Sudda omon qolganlardan ikki nafari ko’rsatma berdi. Shuningdek, Al-Qoidaning sobiq a’zosi, hozirda Britaniyada qamoqda saqlanayotgan terrorchi ham video orqali so’zga chiqib, Hamzaga qarshi gapirdi.

Prokurorlar Hamzaning video va audio tasmaga tushirilgan chiqishlarini hakamlar hay’atiga namoyish qildi. Ularda ayblanuvchi “kofirlar - cho’chqalar”, ularni qo’lga tushirish kerak, deydi.

Sudda Abu Hamza bir necha kun davomida o’zini himoya qilib gapirdi. Jihodchilarga yordam berganligini inkor etdi va radikal fikrlar bildirilgan chiqishlari uchun ilgari kechirim so’raganini aytdi.

Fordam universiteti qoshidagi Milliy xavfsizlik markazidan Karen Grinberg deydiki, sud davomida Hamza haqiqiy ulamodek gapirishga harakat qildi.

“U jihodga da’vat etishga urinmadi. Aksincha, ilgari gapirganlaridan voz kechib, zo’ravonlikka ham qarshi ekanini aytdi, umuman din haqida nihoyatda to’g’ri ma’noda so’zladi”.

Ammo sud jarayoni so’nggida prokurorlar “Abu Hamza sizni laqillatmasin, u isbot-dalillardan farqli bir odamdek o’zini ko’rsatishga harakat qilyapti”, deya ogohlantirdi.

Abu Hamza advokati Jeremi Shnayder esa ayblanuvchiga nisbatan dalillar uning ishlari emas, faqat so’zlari ekanini ta’kidladi.

Shu yilning oxirida sudya Abu Hamzaga aniq jazoni belgilashi kerak. U umrining oxirigacha qamoqda o’tkazishi mumkin.

Hamza Britaniyada odamlarni qotillik va irqiy nafratga chorlash aybi bilan yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. So’ngra u AQShdagi ayblovlarga binoan Nyu-Yorkka esktraditsiya qilingan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG