Yangi Zelandiyaning musulmonlarga qarshi terror xuruji bo’lgan Kraystcherch shahrida qurbonlar hamon xotirlanmoqda. 15-mart kuni avstraliyalik oq tanli millatchi ikki masjidga qurol bilan bostirib kirib, 50 odamni o’ldirgan. O’zga dinlardagi ayollar boshiga o’z qo’li bilan tikilgan ro’mol o’rab chiqdi.
“Tikish-bichishni yaxshi ko’raman. Shu bilan dalda berishim mumkin. Oldin o’zim ham ro’mol o’rab yurganman, boshqalar diniy sababga ko’ra shunday qilsa ham qarshiligim yo’q”, - deydi Libbi Deyvis.
Fojia ro’y berganidan beri jamoa, mahalla, shahar ahli turli yo’llar bilan musulmonlarga hamdardligini ko’rsatmoqda. Ro’mol tikish shulardan biri.
“Ular bilan hamdard ekanimizni bildirmoqchimiz. Bilishimizcha, ba’zi musulmonlar hijob kiyishga qo’rqib qolgan, ammo terror xurujiga qaramay, mahallamiz xavfsiz ekanini namoyish etmoqchimiz”, - deydi Indiya Xaus ismli yurist ayol.
O’tgan hafta juma namozida musulmon bo’lmagan ko’plab odam birgalikda ibodat qildi.
“Ajoyib hissiyot. Juma namozida kim musulmonu, kim boshqa ekanini bilolmadim. O’qituvchim hijobda yurganini ko’rib qoldim. Bir necha kursdoshlarim ham. Buni olqishlayman”, - deydi talaba Lamiya Husayn.
Yangi Zelandiya Bosh vazirasi Jasinda Ardern fojiani terrori xuruji deb atab, qurol nazoratiga doir qonunlarni kuchaytirish choralari haqida ma’lum qildi.
Facebook Forum