Breaking News

Nigerdagi isyonchilar Fransiya hujumi ehtimoli haqida ogohlantirmoqda


Afrikaning Niger davlatida hokimiyatni qo’lga olgan harbiy xuntaga ko’ra, oltin va uran eksportini to’xtatish qaroriga javoban Fransiya harbiy zarba berishga hozirlanmoqda. Fransiya yarim asrdan ortiq davrdan beri atom elektrostansiyalarining faoliyati uchun uranni Nigerdan oladi.

Xalqaro hayot - 31-iyul, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:47 0:00


AQSh va G’arb davlatlari, jumladan Fransiya harbiylardan garovga olingan prezident Muhammad Bazumni ozod etishni talab qilmoqda. Prezident saroyida saqlanayotgan Bazum xorijiy davlatlardan uni ozod etishga harakat qilmaslikni so’ragan, aks holda mamlakat tartibsizlikka yuz tutib, qonga belanishi haqida ogohlantirgan.

Harbiy to’ntarish boshida turgan polkovnik Amadu Abdramanening aytishicha, bosh vazir lavozimini vaqtincha bajarayotgan Tashqi ishlar vaziri Hassumi Massudu Fransiyaga Nigerga qo’shin tortishga ruxsat bergan.

G’arbiy Afrika mamlakatlari rahbarlari bilan Nigeriyada ko’rishib, Nigerdagi vaziyatni muhokama qilgan Chad Prezidenti Mahamat Idris Debi yakshanba kuni Niger poytaxti Niameyga borib, isyonchilar rahbarlari bilan uchrashdi. Debining o’zi 2021-yilda davlat to’ntarishi oqibatida hokimiyatga kelgan.

Mintaqadagi 15 mamlakatni o’z ichiga olgan EKOVAS tashkiloti Nigerga iqtisodiy sanksiya qo’yib, isyonchilardan prezidentni ozod etishni va lavozimida tiklashni talab qildi va talablari bir hafta ichida bajarilmasa, mamlakatga qo’shin kiritilishi haqida ogohlantirdi.


Fransiya mustamlakasi bo’lgan Nigerda xalq ko’chaga chiqib, fransuz bayroqlarini yoqdi, Fransiya elchixonasi tomon tosh otdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Nigerda fransuz fuqarolari zarar ko’rsa, qattiq chora ko’rishilini aytdi.

Nigeriyadagi majlis chog’ida EKOVASga a’zo mamlakatlar rahbarlari Niger bilan chegarani yopishga, bu mamlakat bilan tijoriy reyslarni va moliyaviy tranzaksiyalarni to’xtatishga, Nigerning mintaqaviy bankdagi pullarini muzlatishga qaror qildi.

Xunta general Abdurahmon Tianini yangi rahbar deya e’lon qildi, biroq xalqaro hamjamiyat yangi hukumatni tan olishdan bosh tortmoqda.

Tiani 59 yoshda, AQSh, Fransiya, Marokash va Senegalda harbiy tayyorgarlikdan o’tgan, Vashington yaqinidagi kollejda tahsil olgan. 2011-yildan beri davlat rahbarini qo’riqlovchi maxsus qism boshlig’i bo’lgan.

Harbiy xunta prezidentdan tashqari ichki ishlar vaziri, transport vaziri va uning o‘rinbosari, kon vaziri, neft vaziri va hukmron partiya raisini hibsga olgan.


Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistoriusning aytishicha, Niger va qo’shni Malida nemis qo’shinlari bor va Berlin ularni bu mamlakatlardan chiqarish xususida bir qarorga kelgani yo’q hozircha.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG