Breaking News

Nigeriyada prezident saylovlari martga ko'chirildi


Poytaxt Abujada saylovlarning ko'chirilganiga qarshi namoyish, Nigeriya, 7-fevral, 2015-yil
Poytaxt Abujada saylovlarning ko'chirilganiga qarshi namoyish, Nigeriya, 7-fevral, 2015-yil

Nigeriya Mustaqil milliy saylov komissiyasi "Boko Haram" jangari guruhining faollashgani va mamlakatda zo'ravonliklarning kuchayayotgani sabab 14-fevralga belgilangan prezident saylovlarini olti haftaga qoldirishga majbur bo'ldi.

Komissiya rahbari Attahiru Jeganing aytishicha, agar saylov uchastkalari xodimlari, kuzatuvchilar, saylovchilar, saylov materiallarining xavfsizligi kafolatlanmasa, begunoh insonlar nobud bo'ladi, saylov esa erkin va adolatli o'tmaydi.

Saylov 28-martga ko'chirildi, dedi rasmiy.

"Boko Haram" mamlakat shimoli-sharqida katta hududlarni egallab olgan. Ekspertlarga ko'ra, u yerda saylovlarni tinch o'tkazish mumkin emas.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri saylov kechiktirilganidan norozi.

"Saylov komissiyasi ishiga aralashish to'g'ri emas. Hukumat xavfsizlik bilan bog'liq xavotirlardan demokratik jarayonga to'siq qo'yish uchun bahona sifatida foydalanmasligi kerak", - dedi u.

Prezidentlikka muxolifatdan nomzod, Barcha progressiv kuchlar kongressi rahbari, sobiq harbiy diktator Muhammadu Buxoriy ham komissiya qarorini tanqidga olib, Nigeriya demokratiyasi uchun chekinish, dedi.

Nigeriyaning amaldagi Prezidenti Gudlak Jonatan uchinchi muddatga saylanish umidida. Aksar nigeriyaliklar u va uning hukumatini jangarilarni mag'lub eta olmayotganlikda ayblab keladi.

G'arbiy Afrikadagi to'rt mamlakat "Boko Haram"ga qarshi kurashda Nigeriyaga yordam bermoqchi va shu maqsadda birgalikda jang qilishga kelishdi.

Benin, Kamerun, Chad, Niger va Nigeriya rasmiylari kelasi oy "Boko Haram" faol hududga 8750 askar yubormoqchi. Shu maqsadda to'rt million dollar kerak, deydi ular. Mamlakatlar BMT bosh kotibi va Xavfsizlik Kengashidan moliyaviy yordam olishga umid qilmoqda.

AQSh razvedkasiga ko'ra, guruh tarkibida to'rt mingdan olti minggacha jangari bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG