Breaking News

Yevropa "Shimoliy oqim-2" quvuri bo'yicha bo'linib qoldi


Sharqiy Yevropadagi qator mamlakatlar Rossiyani Germaniyaga ulovchi yangi gaz quvuri loyihasiga qarshi chiqmoqda. “Shimoliy oqim-2” quvuri tabiiy gazni Rossiyadan bevosita G’arbiy Yevropaga yetkazadi. Tanqidchilarga ko’ra, Moskva Yevropa xavfsizligiga tahdid deb ko’rilayotgan bir paytda loyiha Rossiyaga tobelikni kuchaytirib, uning davlat energetika kompaniyalarini boyitadi.

Xalqaro hayot - 9-mart, 2018-yil - Yevropa "Shimoliy oqim-2" quvuri bo'yicha bo'lingan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:51 0:00

11 milliard dollarlik quvurning uzunligi 1225 kilometr bo’lib, Boltiq dengizi orqali Rossiyadan Germaniyaga yotqiziladi, kelasi yili ishga tushishi kutilmoqda.

Loyihani bir necha yirik kompaniya, jumladan “Shell” va Rossiyaning “Gazprom” shirkatlari, Xitoy va Rossiya hukumatlari qo’llab-quvvatlamoqda.

“Bu loyiha siyosatdan yiroq bo’lib, uni amalga oshirishga zo’r beryapmiz. Uning asosida iqtisodiy, tijoriy manfaatlardan boshqa hech narsa yo’q”, - deydi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.

Biroq Sharqiy Yevropadagi ayrim mamlakatlar nazarida, Yevropa Putin bilan katta biznes qilmasligi kerak. Estoniya, Latviya va Litva shunday davlatlar qatoriga kiradi. Ularning tashqi ishlar vazirlari o’tgan hafta Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson bilan uchrashdi.

“Xavfsizlik masalalari ko’p taraflarni bo’lib qo’yayapti. Ichki va tashqi xavfsizlik o’rtasida, xavfsizlik jug’rofiyasida farq qolmadi”, - deydi Estoniya vaziri Sven Mikser.

AQSh ham “Shimoliy oqim-2” loyihasiga qarshi. Rossiyaning energetika sohasidagi kompaniyalari hamda ular bilan hamkorlik qilayotgan xorijiy shirkatlar Kremlning Qrim va Ukraina siyosati bois Amerika sanksiyalariga uchragan, biroq bu sanksiyalar “Shimoliy oqim-2” loyihasiga ta’sir qilgani yo’q.

Sharqiy Yevropadagi ko’p mamlakatlar yangi quvurdan foyda ko’rmasligini aytmoqda.

“Quvur Markaziy va Sharqiy Yevropadan o’tmaydi, shu sabab bu joylarda yoqilg’iga narx kattaroq bo’ladi, Rossiyaning siyosiy maqsadda gaz va neftni o’chirish o’yinlari oldida zaiflashadi. Ukraina yiliga taxminan ikki milliard dollar miqdorda tranzitdan daromad yo’qotadi”, - deydi “Yevropa islohoti markazi” tashkilotidan Noa Gordon.

Yevropa Komissiyasi ham “Shimoliy oqim-2” quvuri qurilishiga qarshilik bildirgan, ammo uni to’xtatish uchun qonuniy asos yo’qligini tan oldi. Yevropa Ittifoqi asosiy quvurdan qit’adagi mamlakatlarga qo’shimcha quvurlar uzatishga sarmoya kiritib, gaz kamomadini yopmoqchi.

“Bundan maqsad gazning mamlakatlar bo’ylab bemalol o’tishini ta’minlash. Ukraina ikki yil davomida Rossiyadan gaz sotib olmadi, ammo Rossiya gazini bilvosita Yevropadagi energetik kompaniyalardan, masalan, Germaniyadan, Gollandiyadan oldi. Agar Yevropaning o’z gaz bozori kuchli bo’lganida, taklif ko’proq bo’lib, iste’mol kamroq bo’lganida edi, Rossiya gazdan siyosiy qurol sifatida ortiq foydalana olmasdi”, - deydi Gordon.

Polsha va Litva suyultirilgan tabiiy gaz terminallarini qurib, gazga bo’lgan ehtiyojini shu tariqa qondirishga intilmoqda. Qo’shma Shtatlar gazning bu turini Yevropaga ko’proq eksport qilish ustida o’ylanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG